Oʻzbekiston Prezidenti 2020-yil fevral oyida Rossiyaga tashrif buyuradi

13:55 22 Noyabr 2019 Siyosat
1732 0

2019-yil 21-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiyasi Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo assambleyasi 50-yalpi majlisi doirasida oʻtkazildi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Rossiya parlamentlararo hamkorligining hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Valentina Matviyenko Oʻzbekiston delegatsiyasini qutlar ekan, joriy yil oktyabr oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi unda yorqin taassurot qoldirganini aytib oʻtdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida respublikada tarixan qisqa vaqtda amalga oshirilgan islohotlarga yuksak baho berildi.

Federatsiya Kengashi raisining soʻzlariga koʻra, Rossiyada 2019-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga koʻrilayotgan tayyorgarlik katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. Spikerning aytishicha, Rossiya tomoni Oʻzbekistonda saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni va bu yoʻnalishda qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Boʻlajak saylovning borishini kuzatish uchun respublikaga Rossiya Federatsiyasi va MDH PAning nufuzli delegatsiyasi tashrif buyurishi aytib oʻtildi. Ovoz berish jarayoni yuqori darajada oʻtishiga ishonch bildirildi.

V.Matviyenkoning taʼkidlashicha, Rossiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil fevralda Rossiya Federatsiyasiga amalga oshiradigan tashrifiga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Bu tashrif ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilishiga xizmat qiladi.

Federatsiya Kengashi Oʻzbekiston Rahbarining Rossiyaga tashrifi dasturini parlamentga doir masalalar bilan boyitishga oʻz hissasini qoʻshishi taʼkidlandi. Rossiya tomoni tashrif arafasida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiyasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyaning navbatdagi majlisini oʻtkazish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston tomonining taklifini qoʻllab-quvvatladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?