“O‘zbekiston pochtasi” AJga rossiyalik mutaxassis bosh direktor etib tayinlandi

12:37 25 May 2018 Jamiyat
659 0


Yevgeniy Birger “O‘zbekiston pochtasi” milliy pochta operatori bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda ushbu kompaniya saytida xabar berildi. 

Yevgeniy Birger 1960 yil 16 mayda Rossiyaning Moskva viloyatida tug‘ilgan. 1982 yil Moskva milliy aloqa elektrotexnika institutini tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi. Turli yillarda Rossiya pochta aloqasi departamenti boshlig‘i va “Rossiya pochtasi”ni strategik risojlantirish bo‘yicha kengash a’zosi bo‘lgan.

U 22 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “#MITCROADMAP2018” konferensiyasida so‘zga chiqib, “O‘zbekiston pochtasi” o‘z normativlari va an’anaviy faoliyatini uddalay olmayotgani va mazkur tashkilot tubdan isloh qilinishga muhtoj ekanligini aytib o‘tgandi. Shu munosabat bilan u pochta tashkilotlar faoliyati va fuqarolar hayotiga chuqur integratsiya qilish nazarda tutilgan “Pochta 2.0” loyihasini taqdim etgandi.

Ma’lumot uchun, joriy yil fevral oyida mamlakat rahbariyati tomonidan “O‘zbekiston pochtasi”ni xorijlik konsultantlarni jalb etgan holda va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib isloh etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga oid topshiriq berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 19 yanvarda mazkur kompaniyaga rahbar bo‘lib kelgan Shuhrat Atamuhamedov joriy yil 12 may kuni Uchtepa tumani hokimi vazifasiga tayinlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?