Oʻzbekiston paxta yetishtirishni qisqartirdi

16:08 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
136 0

Statistikaga koʻra, bu hajm oʻtgan yilga nisbatan uchdan bir qismga kamaygan.

Oʻzbekistonda joriy yil 8 oyida ishlab chiqarilgan paxta 321 ming tonnani tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.

Unga koʻra, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yildagiga nisbatan oʻttiz foiz kamdir.

2018-yil noqulay ob-havo, jumladan, yogʻingarchilik kamligi va sovuq tufayli gʻoʻza oʻsishi 10-15, ayrim joylarda 20-25 kungacha kechikib ketgandi.

Yanvar-avgust oylarida Oʻzbekistondan paxta eksporti 30 foiz ortgan(232,5 mln. dollar). Shu davr ichida 1 mlrd. dollardan ziyod toʻqimachilik mahsulotlari ham chetga sotilgan.

Biroq 2025-yilga kelib Oʻzbekiston paxta tolasi eksportidan butunlay voz kechib, uni ichki bozorda toʻliq qayta ishlashni taʼminlashni maqsad qilgan. Bu haqda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi strategik prognozlashtirish departamenti boshligʻi Dilbar Muhammedova aytib oʻtgan.

Har yili mamlakatimiz qariyb 3,5 mln. tonna paxta xom ashyosi va 1-1,2 mln. tonna paxta tolasi ishlab chiqaradi. Paxta tolasining qariyb 50 foizi eksportga chiqariladi. Rasmiy statistikaga koʻra, Oʻzbekistondan paxta eksporti 2017-yilda 25,2 foiz(477 ming tonnagacha) qisqarib, uning eksport tuzilmasidagi ulushi 3,4 foizgacha, ishlab chiqarish esa 951,9 ming tonna(minus 8 foiz)ga kamaygan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?