Oʻzbekiston OTMlarini xalqaro reytingga kiritish boʻyicha QS va Times Higher Education bilan hamkorlikni kuchaytiriladi

23:21 22 Noyabr 2018 Jamiyat
452 0

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan “Ilm-fan – 2020” hamkorlik dasturi doirasida shu yilning 22 noyabr kuni QS (Quacquarelli symonds) kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Zoya Zayseva va Times Higher Education agentligining Rossiya va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Yegor Yablokov boshchiligidagi delegatsiyaning yurtimizga tashrifi tashkil etildi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda QS va Times Higher Education kabi dunyoning yetakchi universitetlar reyting agentliklari bilan oʻzaro hamkorlik masalalari, xususan, mahalliy oliy taʼlim muassasalarining xalqaro miqyosida mavqeini oshirish, yurtimiz olimlarining ilmiy salohiyatini dunyo miqyosida eʼtirof etilishini taʼminlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov kuchli universitetlar reytingiga kirish xalqaro taʼlim bozorida raqobatbardoshlikni oshirish uchun imkoniyat ekanini taʼkidlar ekan, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining QS va Times Higher Education kabi yetakchi reyting agentliklari tomonidan tuziladigan dunyoning kuchli universitetlari qatoriga kirmaguncha saʼy-harakatlar bir zumga boʻlsa-da toʻxtatilmacligini qayd etdi.

Uchrashuvda yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarini xalqaro reytingga kiritish strategiyasidagi muhim jihatlar muhokama qilinib, bu boradagi xalqaro reyting agentliklari metodologiyasi koʻrib chiqildi. Jumladan, mahalliy olimlarning xalqaro ilmiy jurnallarda ishtirokini oshirish va Scopus maʼlumotlar bazasida ulardan iqtibos keltirishlarni koʻpaytirishga eʼtibor qaratish kerakligi, chunki bu reytingni shakllantiruvchi asosiy ilmiy maʼlumotlar ekani qayd etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?