“Oʻzbekiston Osiyoning eng tez oʻsib borayotgan turizm yoʻnalishiga aylandi”

10:04 07 Noyabr 2018 Jamiyat
425 0

Maʼlumki, hozirgi kunda Xitoy Xalq Respublikasi tashabbusi bilan “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi amalga oshirilmoqda. U amalda Buyuk Ipak yoʻlining ramziy maʼnoda tiklanishini bildiradi. Shundan kelib chiqib, nashr Oʻzbekistonni transport koridori markazida joylashgan asosiy mamlakat, deya taʼriflaydi.

Keyingi yillarda respublikada tizimli islohotlar amalga oshirilib, ushbu jarayonni butun xalqaro hamjamiyat diqqat bilan kuzatmoqda.

“Islohotlarning samaradorligiga yaqqol misol sifatida turizm sohasini koʻrsatish mumkin, — deyiladi gazetada. — Xususan, joriy yilning oʻzida mamlakatga sayyohlar oqimi 40 foiz ortdi. Oʻzbekiston Osiyoning eng tez oʻsib borayotgan turizm yoʻnalishiga aylandi”.

“South China Morning Post” jurnalistlarining fikricha, oʻzbek zamini chinakam arxitektura ixlosmandlari eʼtiborini jalb qila oladi. Oʻlkaning qadim shaharlari vaqt sinovidan oʻtib, ilk koʻrinishini saqlab qolgan. Ulkan minoralar va masjidlar oʻzining goʻzalligi bilan kishini hayratga soladi hamda goʻyo tarixga qaytib, oʻtmishni yorqin tasavvur qilish imkonini beradi. Oʻzbek xalqining samimiyligi, mehmondoʻstligi bilan birga, ana shu omillarning barchasi mamlakatda sayyohlar uchun ajib bir muhit yaratadi.

Soʻnggi vaqtda oʻlkada yangi mehmonxonalar qurilmoqda, transport tizimi takomillashtirilayotir, xizmat koʻrsatish darajasi oʻsyapti. Bu boradagi islohotlar zamon talablari va turistlar istaklaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor.

Mamlakatimiz poytaxti haqida soʻzlar ekan, muxbirlar Toshkentda Parijning meʼmoriy goʻzalligi, Londonning yam-yashil bogʻlari, Nyu-Dehlining qadimiy urfini koʻrish mumkin, deya fikr bildiradi. Afrosiyob shahri xarobalari, mana necha asrki, sayyohlar va olimlar eʼtiborini tortib kelmoqda. Registon maydoni esa beqiyos goʻzalligi va muhiti bilan insonni hayratga soladi. Buxoro yorqin moviy gumbazlar shahri boʻlsa, Xiva ochiq osmon ostidagi muzeydir. “Shahar shu darajada tabiiy goʻzalligini saqlab qolganki, “Ichan-Qalʼa”ga borsangiz, oʻzingizni Oʻrta asrlar davriga tushib qolgandek his qilasiz”, deya tavsiya etadi “South China Morning Post”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?