Oʻzbekiston Osiyo kubogini qiyin gʻalaba bilan boshladi

20:43 09 Yanvar 2019 Sport
600 0

Futbol boʻyicha Osiyo kubogida Oʻzbekiston terma jamoasi ilk uchrashuvini oʻtkazdi. Ektor Kuper jamoasiga O‘mon terma jamoasi raqiblik qildi.

Uchrashuvning 34-daqiqasida Odil Ahmedov jarima zarbasidan hisobni ochdi. Shundan soʻng terma jamoamiz — xuddi bir vaqtlardagidek — butunlay himoyaga yotib oldi. Bu esa ikkinchi boʻlimda pand berdi.

72-daqiqada Algʻassaniy darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, hisobni tenglashtirdi.

Ana shundan soʻng terma jamoamiz bosh murabbiyi tarkibda bir qator oʻzgarishlarni amalga oshirdi hamda yakunda bu oʻz samarasini berdi. 84-daqiqada Eldor Shomurodov Ikrom Aliboyevning “pas”ini golga aylantirib, terma jamoamizni hisobda oldinga olib chiqdi. Mazkur hisob oʻyin soʻngiga qadar oʻzgarmadi va Oʻzbekiston terma jamoasi guruhda ilk uch ochkosiga ega boʻldi.

Guruhning ikkinchi uchrashuvida Yaponiya terma jamoasi katta qiyinchilik evaziga Turkmaniston terma jamoasini 3:2 hisobida magʻlubiyatga uchratdi.

Terma jamoamiz navbatdagi uchrashuvini 13 yanvar kuni Turkmaniston terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Oʻyin Toshkent vaqti bilan soat 21 da boshlanadi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?