O‘zbekiston Ombudsmanining milliy preventiv mexanizmni yaratish bo‘yicha tashabbusi muhokama qilindi

14:35 02 Iyun 2018 Siyosat
241 0

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda “Milliy preventiv mexanizmni tashkiliy-huquqiy rivojlantirish: xalqaro hujjatlar, xorij amaliyoti va O‘zbekiston tajribasining xususiyatlari” mavzuida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati a’zolari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, vazirliklar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, BMTning Qiynoqqa qarshi quyi qo‘mitasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosi, BMT Taraqqiyot dasturi, “Xalqaro qamoqxonalar islohoti”, “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) hamda “Xalqaro Amnistiya” kabi xalqaro nodavlat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad BMTning Milliy preventiv mexanizmni rivojlantirishga oid xalqaro hujjatlarining xorijiy mamlakatlar amaliyotidagi ijrosining tashkiliy-huquqiy jihatlarini umumlashtirish va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan qiynoqlarga solish hamda muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi milliy preventiv mexanizm vazifasini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizomni keng muhokama etishdan iborat.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi inson huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini yangi sifat bosqichiga olib chiqish imkonini bergani alohida ta’kidlandi. Mazkur dasturiy hujjat mamlakat ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhasini kompleks qamrab oldi. Harakatlar strategiyasida fuqarolarning shaxsiy huquq hamda erkinliklarini ta’minlash, ularning davlat himoyasi tizimini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 mayda ushbu yo‘nalishda qabul qilingan “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2018 yil 14 mayda imzolangan “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori chuqur institutsional ahamiyatga ega bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorijiy ekspertlar tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan, qamoqqa olingan, shuningdek, ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan shaxslar huquqlari hamda erkinliklarini tashkiliy-huquqiy ta’minlash bo‘yicha kompleks normativ hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga zamin yaratgan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ahamiyati alohida qayd etildi.

2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga -bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi doirasida Ombudsman tomonidan milliy preventiv mexanizmni tashkil etish va mahkumlar huquqlarining ta’minlanishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga oid qonun hamda nizom loyihalarini o‘z ichiga oluvchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.

Tadbir qatnashchilari mazkur normativ hujjatlar loyihalariga yuqori baho bergan holda, ular BMT va YEXHTning xalqaro-huquqiy hujjatlariga, demokratik davlatlarning ilg‘or tajribasiga to‘liq mos kelishini ta’kidladilar. Ekspertlar ushbu hujjatlarning qabul qilinishi milliy qonunchilik hamda xalqaro normalarning yanada uyg‘unlashuviga, islohotlar oshkoraligini ta’minlashga, O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli muhofaza etish tizimining mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

So‘z — xalqaro anjuman ishtirokchilariga

Armen DANIYELYAN,

BMTning Qiynoqqa qarshi quyi qo‘mitasi eksperti:

— O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilishdan avval milliy preventiv mexanizm (MPM)ni tatbiq etish bo‘yicha muloqotga kirishgani juda e’tiborlidir. Chunki, odatda, aksar mamlakatlar bu haqda hujjatni qabul qilgandan so‘nggina o‘ylashadi. Bu O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganligini ko‘rsatadi.

Mazkur xalqaro anjuman milliy preventiv mexanizmining bo‘lajak modeli bo‘yicha gaplashib olish nuqtai nazaridan dolzarb ahamiyatga ega. Biz O‘zbekiston zo‘ravonlik, odamlarga g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lishga qarshi kurashishga tayyor ekanligini ko‘ryapmiz. Davra suhbatida O‘zbekiston Ombudsmani bilan ushbu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldik.

Aygul TABЕRGЕNOVA,

“Xalqaro qamoqxonalar islohoti” xalqaro nohukumat tashkilotining Markaziy Osiyodagi katta menejeri:

— Biz xalqaro mustaqil tashkilotmiz hamda Yevropa ittifoqida konsultativ maqomga egamiz. Markaziy Osiyoda jinoyat odil sudlovi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatlarga ko‘mak berish yuzasidan uzluksiz ish olib boryapmiz. Bugun O‘zbekistonda bo‘lib turganimizdan xursandmiz. Umid qilamizki, yurtingizda yaqin vaqt ichida milliy preventiv model hayotga joriy etiladi.

Bizning tashkilot O‘zbekistonga mazkur institutni yaratish va rivojlantirish uchun ko‘mak berishga tayyor.

Tatyana ChЕRNOBIL,

“Amnesty International” xalqaro jamoatchilik harakatining Markaziy Osiyo bo‘yicha maslahatchisi:

— Biz, shubhasiz, O‘zbekiston Ombudsmanining milliy preventiv mexanizmni yaratish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchimiz komilki, u xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlarining shu bo‘yicha belgilab bergan uchta mezoniga to‘g‘ri keladi.

Ta’kidlash kerakki, tashkilotimiz butun dunyoda faoliyat yuritadi. Biz jahon mamlakatlaridan qat’iy ravishda hech qanday moliyaviy ko‘mak olmaymiz hamda mutlaqo -betaraflikni saqlaymiz. O‘zbekiston aynan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi nishonlanayotgan yilda mamlakatni jahon hamjamiyatining munosib ishtirokchisi bo‘lishiga imkoniyat yaratadigan milliy preventiv mexanizmni tatbiq etishni maqsad qilgani ham ramziy ma’no kasb etadi.

Nika KVARASKXЕLIYA,

Gruziya jamoatchilik himoyachi idorasining prevensiya va monitoring bo‘limi boshlig‘i:

— Gruziya 2009 yilda milliy preventiv mexanizmni joriy qildi. Davra suhbatida ushbu modelning rivojlanish bosqichlari, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ularning oldini olish haqida gapirib berdim. O‘ylashimcha, bu borada bizning tajriba O‘zbekiston uchun foydali bo‘ladi. O‘zbekiston taklif etgan MPM hujjatining hozirgi holati juda yaxshi. Unda xalqaro amaliyotning ko‘plab qoidalari hisobga olingan. Umid qilamanki, yaqin kelajakda O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ protokoliga qo‘shiladi va MPMni muvaffaqiyatli amalga oshiradi.

Omonulla FAYZIYEV,
«Xalq so‘zi muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?