Oʻzbekiston olimlari chigitni bentonit bilan qobiqlab ekish usulini yoʻlga qoʻydi

15:38 27 May 2020 Jamiyat
849 0

Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan chigitni bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish usuli Oʻzbekistonda birinchi marotaba amalga oshirilib, tijoratlashtirish yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda.

Ilmiy ishlanmaniti joratlashtirish, qishloq xoʻjaligiga joriy etish hamda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadida, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmalarda Fanlar akademiyasining Navoiy boʻlimining ilmiy ishlanmalari mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tanishtirilgan. Natijada “Azkamar” MCHJ ushbu loyihaga qiziqish bildirib, litsenziya shartnomasi imzolandi. Shartnomada Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi mualliflik huquqi eʼtiborga olinib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish natijasida olingan foydaning 20 foizi Fanlar akademiyasining Navoiy boʻlimi hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.

“Azkamar” MCHJ korxonasi yiliga 50 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, hozirgi kunga qadar 500 tonna mahsulot ishlab chiqarilgan. Loyiha doirasida chigitni bentonit kukuni bilan kapsulalab ekish uchun Navoiy viloyatidagi Azkamar koni bentonit gillaridan foydalanildi. Viloyatlar kesimida chigitni kapsulalash 2019-yilning aprel oyida oʻtkazildi. Chigitni bentonit kukuni bilan kapsulalash Oʻzbekistonda birinchi marotaba amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bentonit dunyoning koʻplab mamlakatlarida, xususan, Chexiya, Slovakiya, Italiya, AQSH, Misr, Ukraina, Gruziya, Rossiya, Yaponiya va Xitoyda qoʻllanilib, qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligini 20-32,6 foizga oshirishga muvaffaq boʻlinmoqda. 40 tadan ortiq mikroelementlarni oʻzida jamlagan bentonit tabiatda kimyoviy mineralogik jihatlari bilan farq qilgan holda uchraydi. Noanʼanaviy agrorudalardan olingan mineral xom ashyo — betonit turli darajada maydalanadi va chorva mollari hamda parranda ozuqalarining sifatini oshirish maqsadida qoʻshib beriladi, shuningdek, qishloq xoʻjalik ekinlarida mahalliy oʻgʻit sifatida ishlatiladi.

Bentonitning shimish xususiyati tuproqning suv-fizik va fizik-kimyoviy xossalariga yaxshi taʼsir qilishi, ularning tarkibida 20-60% va undan koʻp magniyli montmorillonit mineralining mavjudligidadir, shuning uchun oʻzgaruvchan, boʻkuvchan va almashuvchan kation va anionlarning hajmi 100 gr tuproqda 23-150 mg/ekvni tashkil etadi. Qolaversa, bentonitlar oʻsimliklar uchun ozuqa manbai hisoblanadi, ularning tarkibida 0,3-4,7 % uglerod, 0,4-3,0 % kaliy, 0,3-1,0 % fosfor mavjuddir.

Bundan tashqari unda koʻplab mikroelementlar: mis, rux, bor, kobalt, molibden, marganes, oltingugurt mavjud. Oʻsimlik ildizi tarqalgan tuproq qatlamidan bentonit harakatchan shakldagi ozuqa unsurlari va gumusni suv bilan yuvilib ketishidan saqlaydi hamda tuproqda uglerod, azot, fosfor va kaliy zaxirasini koʻpaytiradi.

Noanʼanaviy agroruda bentonit bilan kapsulalangan chigitlarni ekish gʻoʻza koʻchatlarining unib chiqishini 1-2 kunga jadallashtirib, salmogʻini 10-12% koʻpaytirishi va hosildorlikning 2,2-2,7 5 s/gektar yuqori boʻlishiga sabab boʻlishi isbotlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?