Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari reytingi eʼlon qildi: yetakchi va autsayderlar bilan tanishing

15:37 07 Avgust 2019 Jamiyat
404 0

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan mamlakatimiz OTMlar reytingi eʼlon qilindi.

Inspeksiyadan maʼlum qilinishicha, milliy reyting tizimi rivojlangan davlatlar tajribalari asosida va xalqaro ekspertlar guruhini jalb etib qayta tahlil qilindi. QS (Quacquarelli Symonds) va THE (Times Higher Education World University Rankings) kabi nufuzli reyting agentliklarining mutaxassislari milliy reyting tizimini ijobiy baholadi.

Xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirilgan indikatorlar asosida joriy yilning fevral-iyun oylarida respublikaning 57 ta oliy taʼlim muassasasi (filiallari bilan birga) faoliyati tahlil qilindi va 2019-yil 1-yanvar holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi:

Gumanitar va iqtisodiy sohada Oʻzbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti; Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti yetakchi oʻrinlarni egallagan.

Jizzax davlat pedagogika instituti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti kabilar esa soʻnggi oʻrinlarni egalladi.

Shuningdek, ushbu sohada Toshkent moliya instituti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti avvalgi yilga nisbatan yuqori pogʻonalarga koʻtarilgan.

Texnika va qishloq xoʻjaligi sohasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari instituti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi oʻrinlarni egalladi.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Andijon mashinasozlik instituti quyi oʻrinlarni egalladi.

Ushbu sohada Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti faol harakat qilib milliy reytingda birinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek Toshkent davlat agrar universiteti 12 oʻrindan 6 oʻringa koʻtarildi.

Tibbiyot sohasida Toshkent stomatologiya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti yetakchi oʻrinlarni egalladi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti,Andijon davlat tibbiyot instituti esa soʻnggi oʻrinlarni egalladi.

Mazkur sohada Buxoro davlat tibbiyot instituti oʻtgan yilgi reytingdagi 43-oʻrindan yuqoriga koʻtarilib 16-oʻringa chiqdi.

Madaniyat, sanʼat va sport sohasida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Milliy rassomchilik va dizayn instituti yetakchi oʻrinlarni egallashdi. Ushbu OTMlar oʻtgan yili eng oxirgi 10 talikka tushgan edi. Joriy reytingda ushbu oliy taʼlim muassasalari faoliyatida keskin oʻzgarish roʻy berib mos ravishda 24- va 29-oʻrinlarga chiqib olishdi.

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti soʻnggi oʻrinlarni egallashdi.

Umumiy reytingda Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari instituti yetakchi oʻrinlarni egallashdi.

Jizzax davlat pedagogika instituti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Andijon mashinasozlik instituti, Nukus davlat pedagogika instituti soʻnggi oʻrinlarni egalladilar.

Shu bilan birga, ilmiy salohiyati boʻyicha Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Samarqand davlat universiteti yetakchi oʻrinlarda;

Andijon mashinasozlik instituti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Termiz davlat universiteti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti soʻnggi oʻrinlarni egalladi.

Dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi OTMlarda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan professor-oʻqituvchilarning soni boʻyicha Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Oʻzbekiston milliy universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent moliya institutlari yetakchilik qilmoqdalar. 15 ta OTMda bunday professor-oʻqituvchilar mavjud emas.

Eng koʻp xorijiy professor-oʻqituvchilar Toshkent tibbiyot akademiyasi, Oʻzbekiston milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat olib bormoqda.

Talabalar bilimi boʻyicha eng yuqori natijalarni Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Navoiy davlat konchilik instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Urganch davlat universiteti egalladi.

Eng past natijalarni Andijon davlat tibbiyot instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi, Nukus davlat pedagogika institutlari koʻrsatdi.

Eng koʻp ish beruvchilar bahosini toʻplagan OTMlarga Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Urganch davlat universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent moliya instituti kiradi.

Ish beruvchilar tomonidan @Bitiruvchilarning bilim darajasi va amaliy koʻnikmasi”ga 72 foiz, “OTMning ish beruvchilar bilan hamkorlik darajasi”ga 65 foiz, “Bitiruvchilarning kelgusida oʻsish imkoniyatlari”ga 75 foiz, “OTMlarning kadrlar tayyorlash sifatiga” 69 foiz ijobiy javob berilgan. Shuningdek, 94 foiz ish beruvchilar kelgusida milliy OTMlarimiz bitiruvchilarini ishga qabul qilishini bildirgan.

Kelgusida reyting natijalarini tahlil qilish asosida OTMlarni xalqaro reytingga kiritish boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi ishlab chiqiladi. Bunda milliy reytingda dastlabki 10 talikka kirgan OTMlar orasidan kelgusida dunyo reytingiga kiritish mumkin boʻlgan OTMlar haqida tahliliy maʼlumotlar tayyorlanadi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi. Reyting natijalari asosida mahalliy OTMlardan 5 tasini QS, THE kabi xalqaro reyting agentliklarining roʻyxatiga kiritish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash haqida OOʻMTVga taklif beriladi. Bu oʻz oʻrnida milliy OTMlarimizni dunyo universitetlari reytingiga chiqishiga dastlabki qadam boʻlib xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?