Oʻzbekiston mudofaa vaziri bir nechta maktab-internatga kitob ulashdi

13:32 02 Aprel 2019 Jamiyat
366 0

1 aprel kuni Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Toshkentning Olmazor tumanidagi 100-, 102- va 106-son maktab-internatida boʻlib, oʻquvchilar uchun kitoblar jamlanmasini taqdim etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kun avvalida har uchala maktabda ham Mudofaa vazirligining 600 dan ortiq harbiy xizmatchilari ishtirokida “Mehr ulashib” shiori ostida xayriya hashari uyushtirildi. Xalqimizning “hashar – elga yarashar”, degan ibratli naqlini Vatan himoyachilari ham bir el boʻlib hayotda qayta isbot etishdi. Maktablar bogʻiga ekilgan daraxtlar oqlandi, tagi yumshatildi, anvoyi gullar ekildi, manzarali oʻsimliklarga qayta ishlov berildi. Yer sathida koʻrinib turgan eski daraxt kundalari olinib, ularning oʻrniga yangi mevali va manzarali koʻchatlar oʻtqazildi.

Imkoniyati cheklangan bolalar tarbiya etiluvchi bu maskanda hamma oʻz vazifasini bekamu koʻst, sidqi dildan ado etar ekan, beixtiyor koʻnglida bir ezgulik nuri barq urayotganini his etadi.

– Maktab bogʻi va hovlisida yigʻilib qolgan ancha ishimiz bor edi, – deydi Olmazor tumanidagi 100-sonli miya falaji va tayanch harakat tizimida nuqsoni boʻlgan bolalar maktab-internati direktori Tohir Matyoqubov. – Harbiylarimiz baraka topishsin, erta tongdan kelib, hamma yoqni obod etishdi. Ancha paytdan beri mana ishlarga hech vaqt ajratolmayotgan edik. Bugun harbiy xizmatchilar chinakam maʼnoda yurtdoshlarimizga har jabhada oʻrnak boʻlishayotganini isbotladi. Koʻz oʻngimizda boʻlayotgan bu ishlarni kuzatib yana bir narsaga amin boʻldim: yurt posbonlari har bir ishni chin yurakdan bajarar ekanki, natijasidan koʻngillar yorishadi. Bilasiz, bu yer koʻngli yarim, ammo orzu-maqsadi olam-olam boʻlgan murgʻak bolalar maskani.

... Maktab-internatga kirib kelayotgan Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov bogʻda harbiy xizmatchilar bilan birga koʻchat oʻtqazayotgan oʻquvchilarni koʻrib, yoʻlni bogʻ tomon burdi. Oʻsib-unib, shirin-shirin mevalar beraman, deb turgan yangi daraxt koʻchatini tutib turgan oʻquvchi bilan birgalikda bu soʻlim bogʻga yana bir tup nihol qadaldi. Bu Mudofaa vaziri va maktab oʻquvchisi ekkan koʻchat!

Shundan soʻng maktab-internati oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi, sheʼr va qoʻshiqlar tinglandi, goʻzal raqslar tomoshasi esa koʻngillarga orom baxsh etdi. Ayniqsa, gapirish va eshitish qobiliyati zaif oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan musiqali sahna koʻrinishi beixtiyor koʻzlarga yosh qalqtirdi.

Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov oʻquvchilarga kitoblar ulashar ekan, oʻzining ezgu va samimiy tilaklarini ham bildirib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonovning eng sevimli 3 kitobi roʻyxatidan Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Erix Mariya Remarkning “Uch ogʻayni” va Gabriel Garsiya Markesning “Yolgʻizlikning yuz yili” kitoblari joy olgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?