Oʻzbekiston muddatidan oldin pley-off yoʻllanmasini naqd qildi

23:22 13 Yanvar 2019 Sport
469 0

Illyustrativ foto

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Osiyo kubogining ikkinchi turida Turkmaniston terma jamoasiga qarshi maydonga tushib, yirik hisobda gʻalaba qozondi.

Uchrashuvning 17-daqiqasida Ektor Kuper shogirdlari qarshi hujumdan unumli foydalanishdi. Maydon markazida toʻpni egallab olgan vakillarimiz kombinatsiyalar evaziga hisobni ochdi. Doston Hamdamov yetkazib bergan toʻpni Javohir Sidiqov boʻsh qolgan darvozaga aniq yoʻlladi.

24-daqiqada endi Eldor Shomurodov Otabek Shukurovning uzatmasini muvaffaqiyatli yakunlab, oʻrtadagi farqni ikkitaga yetkazdi.

Boʻlim soʻngida hisob yirik koʻrinish oldi. Avvaliga Masharipov 40-daqiqada hisobni 3:0 ga yetkazgan boʻlsa, 42-daqiqada Eldor Shomurodov himoyachilar va darvozabonni ham aldab oʻtib dubl qayd etdi va terma jamoaning mazkur oʻyindagi toʻrtinchi goliga mualliflik qildi.

Ikkinchi boʻlimda ikkala jamoa tomonidan bir qator vaziyatlar yaratilgan boʻlsa-da, darvozalar boshqa ishgʻol qilinmadi. 4:0 hisobida erishilgan ushbu gʻalaba tufayli Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻz hisobidagi ochkolari sonini 6 taga yetkazib oldi. Ayni paytda guruhda toʻplar nisbati evaziga birinchi oʻrinni egallab turgan yurtdoshlarimiz pley-off yoʻllanmasini ham muddatidan oldin naqd qilishdi.

Guruhning ikkinchi uchrashuvida Yaponiya Oʻmonni 1:0 hisobida yengdi hamda ular ham nimchorak final yoʻllanmasini muddatidan oldin qoʻlga kiritdi.

Endi soʻnggi turda Yaponiya va Oʻzbekiston terma jamoalari guruh gʻolibligi uchun maydonga tushishadi.

Turkmaniston — Oʻzbekiston 0:4 (0:4).

Gollar: Sidiqov (17), Shomurodov (24, 42), Masharipov (40).

Azamat Murodov tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?