Oʻzbekiston Mongoliyadan goʻsht sotib oladi. Bu nimaga yordam beradi?

15:39 26 Iyul 2019 Iqtisodiyot
384 0

Mongoliya Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Mazkur hujjat loyihasida Mongoliya Respublikasida ishlab chiqarilayotgan goʻsht va goʻsht mahsulotlarini sifati hamda uning narxi Oʻzbekiston uchun maqbulligi eʼtirof etilgan. Oʻz navbatida Mongoliyada Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan quruq va hoʻl mevalar, meva sharbatlari hamda boshqa mahsulotlarga ehtiyoj katta ekanligi aniqlangani taʼkidlangan.

Binobarin, ikki davlat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun havo koʻprigi va boshqa transport yoʻllarini tashkil etish, mahsulotlar import-eksportini yoʻlga qoʻyish taklif qilinmoqda.

Mongoliyadan goʻsht import qilishdan koʻzlangan maqsad mamlakat aholisini goʻsht va goʻsht mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlashni yanada yaxshilash, ichki bozorlarda mahsulotlar narxini barqarorligini saqlash hamda xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashdir.

Mongoliya Respublikasidan olib kelinadigan goʻsht va goʻsht mahsulotlari hisobidan Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi davlat zaxirasi uchun qabul qiladi, respublika byudjet tashkilotlari, ijtimoiy soha va maxsus obyektlarning ehtiyoji taʼminlanadi.

Agar mazkur loyiha joriy etilsa, u holda Mongoliya Respublikasidan import qilinadigan goʻsht va goʻsht mahsulotlariga 10 foizdan yuqori boʻlmagan ustama belgilashga ruxsat etiladi. Import hajmi oshkor etilmagan.

Mongoliya bilan ish olib boradigan importchi va eksportchilarga esa qator imtiyozlar beriladi. Xususan, 2019-yil 1-avgustdan boshlab ikki yil muddatda Mongoliya Respublikasiga mahsulotlarni eksport qilish hamda import uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi koʻzda tutilyapti.

Hujjat loyihasida Mongoliyaga quruq meva va boshqa mahsulotlarni eksport qiluvchi, u yerdan goʻsht import qiluvchi kompaniyalari roʻyxati koʻrsatib oʻtilgan. Ular Brand Investment Group Agro MCHJ, Tashkent Trade Center MCHJ QK va Baraka Holding MCHJ QXdir.

Mazkur hujjat bilan toʻliq tanishib, taklif va tavsiyalar kiritish muddati 7-avgustga qadar belgilangan.

Mongoliyada qariyb 30 mln. ta qoʻy bor. Bu Yangi Zelandiyanikidan ham koʻp. Biroq ushbu mamlakat yaqin-yaqingacha umumiy goʻsht mahsulotlarining bir qismini eksport qilishning uddasidan chiqdi.

Soʻnggi yillarda ushbu davlat nafaqat qoʻy, balki ot va mol goʻshti yetkazib berishni ham faol yoʻlga qoʻydi. 2017-yilda Mongoliya 2601 tonna qoʻy va echki sutini sotgan. Bu 2016-yilga nisbatan 11 barobar koʻpdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?