O‘zbekiston mintaqaning axborot xabiga aylanadimi?

18:55 18 Aprel 2018 Jamiyat
499 0


Dunyoning yetakchi “Amazon”, “IBM”, “Cisco”, “Microsoft”, “Alibaba” va “Google” texnologik kompaniyalari qator noyob imkoniyatlar taqdim etish, o‘sish uchun salohiyatli nuqtaga aylanishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirayapti. 

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining «Kabinet» maxsus loyihasi doirasidagi videointervyusida aytib o‘tdi. 

Unga ko‘ra, mazkur kompaniyalar O‘zbekistonga e’tibor qaratishmoqda, chunki MDH mintaqasida biznes yuritish xarajatlarini qisqartirish imkonini beradigan ma’lumotlarni qayta ishlash markazi yo‘q.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston ular uchun yaqin o‘rtada joylashgan mamlakatlar bilan o‘z amaliyotlari va faoliyatini tezkorlik bilan amalga oshirish mumkin bo‘lgan quvvatni yaratish imkonini beradi. Bu esa oxirgi mijozning mazkur kompaniyalar xizmatlaridan foydalanish yoki foydalanmaslik bo‘yicha qabul qiladigan qaroriga kuchli ta’sir o‘tkazadi.

Masalan, bir kishi Rigadan “Alibaba” kompaniyasining olis Gonkongdagi serveriga so‘rov jo‘natdi deylik. U yetib borishi uchun muayyan vaqt ketadi. Unga javob kelguncha ham shunday. Orada iste’molchi ana shu xaridni amalga oshirish unga endi qiziq emasligi bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin.

Binobarin, vazir ta’kidlanganidek, O‘zbekistonni mintaqadagi IT-markazga aylantirishga erishish lozim. Mamlakatimiz o‘ziga xos axborot xabi bo‘lishi mumkin. Buning uchun yurtimizga xorijdan iloji boricha ko‘proq mutaxassislar kelishi, ular bu yerda ma’lumotlar almashishi lozim. Bu yo‘lda barcha uchun qulay bo‘lgan maydon yaratilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda “Amazon Web Services” (“Amazon”ning sho‘’ba kompaniyasi) xodimlari respublikamiz hukumati vakillari bilan O‘zbekiston hududida quyosh panellaridan foydalangan holda ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi (data-sentr) qurish imkoniyatlarini muhokama qilishgan edi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga “Cisco” kompaniyasi “aqlli” va xavfsiz shaharni rivojlantirish strategiyasini, “Google Global Cache” kompaniyasi esa mahalliy foydalanuvchilar uchun “Google” servisi sifatini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikni taklif etgandi.

“Xalq so‘zi online” — xs.uzning mobil ilovasini YUKLAB oling!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?