“Oʻzbekiston mintaqa lokomotiviga aylanmoqda”

16:54 17 Oktyabr 2018 Jamiyat
763 0

Buni Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan VIII Markaziy Osiyo savdo forumi ishtirokilari eʼtirof etishmoqda.

Oʻzbekistonda birinchi bor oʻtkazilayotgan mazkur nufuzli anjuman nafaqat mintaqa, balki yaqin va olis xorij davlatlari ishbilarmon doiralari uchun muhim muloqot maydonidir. Zero, uning doirasida Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlari imkoniyatlari bilan tanishish barobarida, oʻzaro tajriba almashish, hamkorlik rishtalarini bogʻlash, eng muhimi, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish mumkin. Shu bois forum nufuzi ortib, ishtirokichilar soni yil sayin koʻpaymoqda.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan bu yilgi forumda AQSH, Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlaridan 1000 dan ziyod davlat va xususiy biznes vakillari, taniqli siyosat va jamoat arboblari ishtirok etmoqda.

Forumning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Nodir Otajonov, AQSHning mamlakatimizdagi elchixonasi muvaqqat ishlari vakili Alan Meltser va boshqalar taʼkidlaganidek, mintaqa davlatlarining savdo-investitsiyaviy aloqalari rivojlanishida Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan Oʻzbekiston muhim rol oʻynamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan pragmatik tashqi siyosat yuritilayotgani, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan ochiq va doʻstona munosabatlar oʻrnatilgani integratsiyani chuqurlashtirish, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oshishida misli koʻrilgan imkoniyatlarni taqdim etayotir.

Darhaqiqat, Oʻzbekistonda oxirgi yillarda iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirish, erkin bozor tizimini chuqurlashtirishga qaratilgan shiddatli islohotlar olib borilmoqda. Buning amaliy samaralarini, eng avvalo, valyuta siyosati liberallashtirilgani, soliq yuki kamaytirilgani, biznes yuritishda barcha uchun birdek teng sharoit yaratib berilgani, tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatga olish va litsenziyalash tartib-taomillari tubdan soddalashtirilgani misolida yaqqol koʻrish mumkin. Bularning bari ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilyapti.

— AQSH uchun Markaziy Osiyo davlatlariga investitsiya kiritish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash strategik ahamiyatga ega, — deydi AQSHning Savdo vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Mark Linskott. — Ayniqsa, mintaqa lokomotiviga aylanayotgan Oʻzbekiston bilan munosabatlarni chuqurlashtirishdan manfaatdormiz. Shu maʼnoda, forum davomida yanada qulay savdo muhitini yaratish, mintaqa va xalqaro bozor istiqboli uchun infratuzilmani takomillashtirish, innovatsiyalardan kengroq foydalanish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinayotgani ahamiyatlidir.

Taʼkidlash kerakki, VIII Markaziy Osiyo savdo forumi “Savdo va investitsiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar” mavzuida boʻlib oʻtayotir. Zotan, anʼanaviy yillik anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad ham mintaqa davlatlarida oziq-ovqat sanoati, turizm, transport va logistika sohalarini rivojlantirishga koʻmaklashish, ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligi taʼminlashga investisyailarni jalb etish, maqbul savdo muhitiniyaratishdan iboratdir.

Forum yalpi majlislarida soha mutaxassislari hamda ekspertlarning “Yangi istiqbollar: Markaziy Osiyoda yangi imkoniyatlar”, “Savdo va investitsiya imkoniyatlari” mavzularida maʼruzlari tinglanib, erkin savdo va qulay investitsiyaviy muhitni qaror toptirishda qaratilgan islohotlar samaralari, tadbirkorlikni moliyalashtirishda muqobil manbalarni izlab topish, xalqaro toʻlovlar mexanizmini takomillashtirish singari dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Oʻzaro fikr almashish asnosida amaliyotga tatbiq qilinadigan innovatsion gʻoya va ishlanmalar, imzolanayotgan biznes bitimlari 70 milliondan ortiq nufusga ega mintaqa davlatlarining nainki iqtisodiyotini rivojlantirish, ayni chogʻdv aholisi bandligini oshirish, daromadlarini koʻpaytirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotir.

Forum kundaligi gʻoyatda rang-barang boʻlib, uning doirasida savdo-koʻrgazmasi ochildi. Unda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek boshqa davlatlarning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash korxonalari, asbob-uskunalar va texnikalar ishlab chiqarish konsernlari, transport, turizm xizmatlari koʻrsatish kompaniyalari qatnashmoqda.

Forum ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida shuʼbalarga boʻlingan holda, turizmni rivojlantirish, Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishning afzalliklari, sanʼat va fan rivojida ayollar innovatsiyalari, bozordan joy olishda imtiyozlarning roli, investitsiyaviy jozibadorlikni taʼminlashda intellektual mulkning ahamiyati kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.

VIII Markaziy Osiyo savdo forumi davom etmoqda.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?