Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasiga yangi rahbar saylandi

17:28 19 Avgust 2019 Sport
224 0

Bugun MOQda Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Kasimov, MOQ vitse-prezidentlari Aziz Kamilov hamda Saken Polatov, shuningdek, sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

Konferensiyada kun tartibiga qoʻyilgan asosiy masala assotsiatsiyaning amaldagi raisi Ulugʻbek Mirhaydarovning oʻz xohishiga koʻra lavozimidan ozod etilishi boʻyicha yozgan arizasini koʻrib chiqish va uning oʻrniga yangi rahbar saylash boʻldi.

Yigʻilish davomida dastlab U.Mirhaydarov arizasi koʻrib chiqildi. Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan uning isteʼfosini qabul qilishdi.

Shundan soʻng MOQ vitse-prezidenti Aziz Kamilov soʻzga chiqib, assotsiatsiya rahbarligi uchun shu paytgacha Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Muxtorxon Maxsudovich Tashxodjayev nomzodini ilgari surdi va yigʻilganlarga nomzod haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtdi. Ovoz berish jarayonida barcha bir ovozdan yangi nomzodni maʼqulladi va Muxtorxon Tashxodjayev Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasiga yangi rahbar etib saylandi.

“Avvalo, menga bildirilgan ishonch uchun hammaga rahmat. Oldimizda Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlaridek masʼuliyatli musobaqa turibdi. Rioda qayd etilgan natija tasodif emasligini isbotlash uchun barchamiz birgalikda harakat qilamiz. Jamoaning hamjihatligisiz hech narsaga erishib boʻlmaydi. Umid qilamanki, barchamiz bir jamoa boʻlib, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni ado etamiz”, – dedi Muxtorxon Tashxodjayev.

Shuningdek, yigʻilish davomida Oybek Kasimov va Aziz Kamilov soʻzga chiqib, yangi rahbarning faoliyatida omad va zafarlar tilab oʻtishdi. Shuning bilan Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?