“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” AJ: Valyuta tushumi 12 million dollarga oshadi

17:06 02 Fevral 2019 Iqtisodiyot
276 0

Pult orqali boshqariladigan hayhotdek maxsus savatdagi 60 — 65 tonna temir parchalari va boshqa qotishmalar alangalanib turgan pechga tashlandi. Bu paytda pechdan olov purkaladi. Uning yorugʻligi koʻzni qamashtiradi, shovqini esa quloqni qomatga keltiradi. Maxsus himoya vositalarisiz bu holatni kuzatish mumkin emas. Chunki kompyuter oʻchoqdagi issiqlik 1 600 daraja ekanligini koʻrsatmoqda. 55 daqiqadan soʻng olovrang suyuqlik moslamalar yordamida turli shakl va hajmdagi prokatlarga, qurilishda ishlatiladigan temir mahsulotlarga aylanadi.

Bu — “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining yuragiga qiyoslanuvchi elektrda poʻlat eritish sexi faoliyatidan bir lavha.

Darhaqiqat, bekobodlik metallurglar bugun ana shunday zamonaviy uskunalardan unumli foydalanmoqda. Pirovardida oʻtgan yili kombinatda 911 mingtonna poʻlat eritildi. Bu sexning, qolaversa, butun boshli korxonaning 75 yillik tarixidagi eng yaxshi koʻrsatkichdir. Negaki, korxona ishga tushirilganidan beri bu qadar koʻp poʻlat ­eritilmagan edi.

Yana bir gap. Korxonada inkor qilib boʻlmaydigan qatʼiy qoida mavjud. Unga koʻra, elektrda poʻlat eritish sexining qanday ishlashi ­butun boshli kombinat ­faoliyatini belgilaydi. Shu bois 847 nafar oʻz kasbining ustasi mehnat qilayotgan ­jamoada poʻlat eritishning zamonaviy texnologiyalari muntazam ravishda oʻzlashtirilyapti.

Sexning katta poʻlat ­erituvchisi, Oʻzbekiston Qahramoni Alim Toʻychiyevning aytishicha, bu, oʻz navbatida, mehnat samaradorligini taʼminlashi barobarida, elektr energiyasi, oʻtga chidamli materiallar va grafitlangan elektrodlar sarfini kamaytirishda ham qoʻl kelmoqda.

Bunday ijobiy oʻzgarishlar prokat mahsulotlari miqdorida ham koʻzga yaqqol tashlanadi. Yaʼni bir yil mobaynida kombinatda avvalgi yildagiga nisbatan 333 857 tonna koʻp prokat mahsulotlari tayyorlanib, oʻsish surʼati 146 foizni tashkil etdi.

Yakunlangan yil metallurg­lar uchun barakali boʻldi, deyishga asoslar yetarli. Xususan, bu yerda investitsiya dasturlari asosida yiliga 15 ming tonna ferrosilitsiy va 10 ming tonna ferrosilikomarganes ishlab chiqarish oʻzlashtirilgani uning faoliyatini yanada kengaytirdi. Natijada joriy yildan eʼtiboran birinchi marta ferrosilitsiy va ferrosilikomarganes eksport qilina boshlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, bu orqali yiliga 12 mil­lion AQSH dollari miqdorida ­valyuta kelib tushadi. Muhimi, xaridor bor.

Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha, ferroqotishmalarga boʻlgan talab muntazam oshib bormoqda. Demak, mazkur lo­yihaning kelajagi porloq.

Ferrosilitsiy va ferrosilikomarganes shu payt­gacha bizga chetdan keltirilganini, buning uchun har yili 17 million dollar miqdoridagi mablagʻ sarflanganini inobatga olsak, uning ahamiyati qanchalik yuqori ekanligini anglash qiyin emas.

Kombinatning rangli metallar ishlab chiqarish sexida oʻtgan yili mis va uning qotishmalaridan 60,3 milliard soʻmlik 1 177 tonna tasmalar oʻrami, shu jumladan, yengil hamda yuk avtomobillari radiatorlari uchun moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilib, isteʼmolchilarga joʻ­natildi. Bu ham ushbutsexning oʻz tarixida qoʻlga kiritgan eng yuqori koʻrsatkichidir.

Eʼtiborlisi, tayyor mahsulotning 71 foizdan ortigʻi Rossiya, Qirgʻi­ziston, Tojikiston, ­Turkiya singari davlatlarga sotildi. Eksport tushumi 5,37 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Toshdan tola olsa boʻladimi? “Qalovini topsa qor ham yonadi”, deganlaridek,ishlovini uddalasa, toshdan yumshoq mahsulot olsa boʻlar ekan. Bu natijaga korxonaning issiqlik oʻtkazmas materiallar ishlab chiqarish sexi jamoasi erishdi. Rossiya va italiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda qurilgan, zamonaviy yangi texnologiyalar asosida ishlaydigan mazkur uchastkada tom maʼnodagi moʻjizaning guvohi boʻlish mumkin. Bu yerda qurilishda ishlatiladigan, issiqlik va sovuqlik oʻtkazmaydigan sim toʻrli matlar, issiqxonalar uchun gidroponika plitalari tayyorlanmoqda. Har ikki mahsulot bir qarashda mayin toʻshakni eslatadi. Yengil va bejirim. Mazkur yumshoq mahsulotlarning xom ashyosi bazalt va ohak toshlari hisoblanadi. Ishonish qiyin, lekin bu — haqiqat.

Tayyor mahsulotning bir kub metri 4 kilogramm tosh bosadi. Xom ashyosining shuncha hajmiesa 1600 kilogrammni tashkil etadi. Mahsulot hajm birligini oʻzgartirmay, uning vaznini 400 marta kamaytirish asosida toshni tolaga aylantirishning oʻzi boʻlmasa kerak.

— Bazalt va ohak toshlari maxsus pechlarda 1500 — 1600 daraja issiqlikda eritiladi, — deydi sex boshligʻining oʻrinbosari Sherzod ­Sharipov. — Olingan mahsulotga har daqiqada 1600 marta aylanadigan disklar yordamida ishlov beriladi. Natijada uzun tolalar hosil boʻladi.

Mutaxassis jarayonni oʻta sodda va joʻn tushuntirdi. Aslida, u juda murakkab va koʻpqirrali yumushdir. “Aqlli” asbob-uskunalar, zamonaviy ­boshqarish texnologiyalari har bir jarayonni ­nazorat qilib turadi.

Xom ashyo tabiiy boʻlgani uchun mahsulot ham ­ekologik toza.

Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida yaqinda quyuv-prokatlash maj­muasi qurilishiga tamal toshi qoʻyilgani ham ­tarixiy voqealardan biri boʻldi. Mazkur majmua foydalanishga topshirilgach, kombinatda ishlab chiqarish hajmi ikki baravar oshadi. Darvoqe, kombinatda 2018 — 2022 yillarda 474,5 million AQSH dollarilikdan ziyod 13 ta inves­titsiyaviy loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Demak, bu yerda kelgusida yanada koʻproq yangiliklarga qoʻl uriladi.

Rahmatilla SHЕRALIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?