“Oʻzbekiston” mehmonxonasining narxi yana arzonlashtirildi

12:42 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
358 0

Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi. Endi “Otel Oʻzbekiston” MCHJqoʻshma korxonasi aksiyalar paketining qiymati 80,12 foizi 26,4 mln. dollarni tashkil etmoqda. Bundan oldin mazkur narx oxirgi marta iyunda pasaytirilgan edi. Oʻshanda uning boshlangʻich 33 mln. dollarlik narxi 29,7 mln. dollargacha tushirilgan edi.

Ushbu paket fevral oyida savdoga qoʻyilgan edi. Bu boradagi qaror esa oʻtgan yil avgustida qabul qilingandi.

Xaridor “Oʻzbekiston” majmui hududidagi yerdan infratuzilma obyektlari va bino bilan birgalikda 99 yilga foydalanish huquqiga ega boʻladi.

Toʻlovning maksimal muddati – uch yil. Xaridor ikki yil davomida 100 mlrd. soʻm investitsiya kiritish majburiyatini oladi. Bu mablagʻlar modernizatsiya va zarurat tugʻilsa mehmonxonani rekonstruksiya qilishga yoʻnaltiriladi.

Uning yangi egasi oʻn yil davomida asosiy faoliyat turi(mehmonxona xizmatlari)ni, binoning fasad qismini saqlab qolishi, mehmonxonani boshqarish uchun eng yaxshi menejerlarni jalb etishi shart. Tanlovda ishtirok etish uchun boshlangʻich narxning 15 foizi miqdorida zakalad toʻlash lozim.

Bu galgi savdolar 16-sentyabr kuni boʻlib oʻtadi. Agentlikning xabariga koʻra, bir qator ishbilarmonlar uni sotib olishga qiziqish bildirgan, shuningdek, boshqa xohlovchilar ham savdoga taklif etilgan.

Maʼlumot uchun, “Oʻzbekiston” mehmonxonasi Toshkent markazida 1974-yilda qad rostlagan.223 xonali ushbu toʻrt yulduzli mehmonxona poytaxtdagi eng mashhurlaridan biridir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?