O‘zbekiston mehmonxonalarida smaylikli terminallar paydo bo‘ladi

11:58 02 Avgust 2018 Jamiyat
226 0
Foto: CNN

Yurtimizda Finlyandiyaning HappyOrNot mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun terminallar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi tizimi asosida mehmonxonalardagi servis xizmatlarini baholash dasturi hayotga tatbiq etiladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Qo‘mita Interactive System kompaniyasi bilan hamkorlikda xizmat ko‘rsatish tizimlari monitoringi va sifat boshqaruvi(Hospitality Contract) dasturi loyihasini ishlab chiqish hamda joriy etish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordi. Ushbu tashabbusni shu yil 1 sentyabrdan amalda qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mijozlarning aeroportlar, mehmonxonalar, mehmon uylarida ko‘rsatilayotgan xizmatlardan qoniqish darajasini oshirish, ishchi-xodimlar javobgarligini kuchaytirish hamda mijozlarning salbiy bahosiga o‘z vaqtida e’tibor berib, unga operativ javob qaytarishdir.

Joylarga o‘rnatiladigan standart terminallarida smayliklar tasviri tushirilgan to‘rtta tugma bo‘ladi. Mijozlar o‘zlariga ko‘rsatilgan servis xizmatlaridan mamnun yoki norozi ekanliklarini, xizmat darajasini bildirish uchun ana shu tugmalardan birini bosadi.

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan xizmat ko‘rsatuvchi va mijoz o‘rtasida o‘zaro avtomatlashtirilgan aloqani yo‘lga qo‘yish taklifi tasdiqlangandi.

Bunday dasturlarning hayotga tatbiq etilishi turizm infratuzilmalarida xizmat ko‘rsatish sifatini ko‘tarish, kompaniyalarga mijozlarning fikr-mulohazalariga tezkorlik bilan munosabat bildirish imkonini beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?