Oʻzbekiston Malayziyaga bodom yetkazib berishni boshlaydi

15:40 27 Mart 2019 Jamiyat
524 0

Illyustrativ foto

Malayziyaning yirik Baraka Istithmar savdo-sanoat kompaniyasi egasi Abdulloh Yusuf Al Kadxi yurtimizga yana bir bor tashrif buyurdi. Ushbu safar chogʻida u Namangan viloyatiga ham bordi. Yirik tadbirkor viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari, eksportga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari rahbarlari, qayta ishlash korxonalari mutaxassislari bilan uchrashdi. Bu haqda onlayn nashrimizning viloyatdagi muxbiri xabar qildi.

Ishbilarmonlik muzokaralarida oʻzbek bodomini Baraka Istithmar brendi ostida Malayziyadagi savdo tarmoqlariga yetkazib berish boʻyicha bitim imzolandi. Shartnomaning umumiy qiymati ikki million dollarga teng.

Bu Baraka Istithmar vakillarining diyorimizga ikkinchi bor kelishidir. Bundan oldin ular Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi koʻmagida Xorazmga kelishgandi. Tashrif chogʻida Xorazm viloyatidan Malayziyaga quruq mevalar yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Janubi-sharqiy Osiyo bozoriga yuborilgan diyorimiz mahsulotlari esa oʻzining xushtaʼmi va ekologik jihatdan tozaligi bilan tezda tilga tushgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?