“Oʻzbekiston-Latviya” doʻstlik jamiyatining 20 yilligiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi

18:16 12 Dekabr 2018 Jamiyat
437 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida Latviya Respublikasining 100 yilligi va “Oʻzbekiston-Latviya” doʻstlik jamiyatining 20 yilligiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Bu haqda Qoʻmita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda Latviyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimlari, “Oʻzbekiston-Latviya” doʻstlik jamiyati aʼzolari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va talabalari, turli tashkilot va muassasalar vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasidagi hamkorlik mana chorak asrdan ziyod davr mobaynida barcha sohalar, jumladan, madaniyat va sanʼat yoʻnalishida izchil rivojlanib bormoqda.

Bu doʻstlik aloqalarining rivojlanib borishida xalq diplomatiyasining oʻrni katta. Oʻtgan tarixiy davr ichida mamlakatlarimiz ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy yoʻnalishlarda katta ijobiy natijalarga erishdilar. Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning rivojiga yuqori darajadagi aloqalar, kelishuv va shartnomalar asos solgan.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonda Latviya mustaqilligining 100 yilligiga bagʻishlangan qator madaniy tadbirlar oʻtkazilganligi va unda yurtimiz keng jamoatchiligi Latviya xalqining milliy liboslari, goʻzal shahar va bepoyon tabiat manzaralari, uning tarixi va zamonaviy koʻrinishlari, shuningdek ikki davlat klassik musiqasi bilan yaqindan tanishish va undan bahramand boʻlish imkoniga ega boʻlganliklarini taʼkidlab oʻtishdi.

Mazkur tadbirlar, oʻz navbatida, xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarning yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Oʻzbekiston va Latviya bir necha oʻn yillardan buyon doʻstlik rishtalari bilan bogʻlangan.

Bu borada 1998 yildan beri Latviyada faoliyat yuritib kelayotgan “Oʻzbekiston - Latviya” doʻstlik jamiyatining xizmatlari ham alohida eʼtiborlidir. Jamiyat Oʻzbekiston va Latviyaning milliy bayramlari va muhim sanalariga bagʻishlangan koʻplab tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etadi, konkurslar, konsertlar, badiiy va foto koʻrgazmalar uyushtiradi, Latviyaning sayyohlik tashkilotlari va tadbirkorlari oʻrtasida ularni Oʻzbekiston bozoriga jalb etish maqsadida amaliy ishlar olib boradi.

“Oʻzbekiston – Latviya” doʻstlik jamiyati Latviyada istiqomat qiladigan vatandoshlarga katta eʼtibor qaratilib keladi, Oʻzbek madaniyat markazini qoʻllab-quvvatlaydi, unga oʻzbek tilidagi darsliklar va adabiyotlar, milliy kostyumlar yetkazib beradi, sobiq oʻzbekistonliklarni respublikada boʻlib oʻtayotgan ijobiy oʻzgarishlar, oʻzaro foydali hamkorlik istiqbollari toʻgʻrisida xabardor qiladi. Mana shu va boshqa xayrli ishlarni amalga oshirishda Latviya hukumatining koʻrsatayotgan eʼtibori uning Oʻzbekistonga boʻlgan munosabatining yorqin dalili hisoblanadi.

Tadbirda doʻstlik jamiyatining bir guruh faollariga faxriy yorliqlar topshirildi, “Registon” milliy cholgʻu ansamblining chiqishlari tadbirga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Tadbirda doirasida taniqli rassom Yuriy Grebenyukning asarlaridan tashkil topgan koʻrgazma ham tashkil etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?