Oʻzbekiston kursanti bugun Vatanga MMA kamarini olib keladi

20:30 08 Aprel 2019 Sport
255 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Oldin xabar berganimizdek, kecha, 7 aprel kuni Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahridagi “Archa-beshik” sport majmuasida aralash kurashlarning MMA yoʻnalishi boʻyicha Gran-pri turkumiga kiruvchi “Batir bashi” IV etnoturniri boshlangan edi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur nufuzli turnirda 84 kg vaznlilar oʻrtasida Oʻzbekiston shaʼnini Qurolli Kuchlar akademiyasining 4-bosqich kursanti Bekzod Nurmatov hamda Abdulaziz Utamurodov muhofaza etishgan.

Abdulaziz Utamurodov qirgʻizistonlik raqibi Qodir Kurstan oʻgʻliga qarshi oʻtkazgan jangida texnik nokaut bilan gʻalabani qoʻlga kiritgan. Bekzod Nurmatov esa yana bir Qirgʻiziston sportchisi Jakip Tuganbayev bilan kechgan ogʻir bahsning ikkinchi raundida ogʻrituvchi usulni mohirlik bilan qoʻllagan holda raqibdan qoʻli baland keldi. Finalga chiqqan ikki hamyurtimiz oʻzaro kuch sinashi kerak edi. Ammo Abdulaziz Utamurodov birinchi jangda oyoq qismida olingan tan jarohati hamda murabbiylarning jangni olib borishiga qarshiligi sabab toʻliq gʻalaba Bekzod Nurmatovga berildi.

Bekzod Nurmatov professional faoliyatidagi navbatdagi musobaqada — aralash kurashlarning MMA yoʻnalishi boʻyicha Gran-pri turkumiga kiruvchi “Batir bashi” IV etnoturnirining kamarini bugun, 8 aprel kuni Oʻzbekistonga olib keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?