Oʻzbekiston kubogi guruh bosqichida oʻynaydigan jamoalar nomi maʼlum

12:52 24 Iyul 2020 Sport
316 0

Kecha Oʻzbekiston Coca Cola kubogi guruh bosqichi bahslariga qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Bu yilgi kubok bahslari PFL tomonidan ilk marotaba shunday koʻrinishda oʻtkazilmoqda. Yaʼni ushbu musobaqa turnir formatida tuzilgan boʻlib, 4 ta jamoa 4 guruhga boʻlingan holda kurash olib boradilar. Doimgidek, bahslar jami 3 ta turdan iborat boʻlib, ikkita jamoa ikki marta oʻz maydonida, bir marta esa mehmonda oʻyin oʻtkazishsa, qolgan ikki jamoada teskari holat - ikki bor safarda oʻz uchrashuvlarini oʻtkazib olishadi. Bu jarayonda ham shaffoflik taʼminlangan boʻlib, musobaqa formatida oldindan koʻrsatib oʻtilgan. Guruhda yuqori ikki oʻrinni egallagan jamoa keyingi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritishadi. Pley-off bahslari ham yana qurʼa orqali aniqlab olinadi.

Taʼkidlab oʻtish kerakki, bu yilgi kubok bahslari formatiga anchagina oʻzgartirishlar kiritilgan. Jumladan, avvallari har bir klub pley-offdan keyingi bosqichga koʻtarilib borar ekan, boʻlajak raqiblarini nisbatan oldinroq bilib olish imkoniyatiga ham ega boʻlar edilar. Yaʼni u yerda bir bosqichli tizim yuzaga kelgan boʻlib, finalgacha bittalik qurʼada oʻynalar edi. Buning ustiga turnirda shu paytgacha uy-safar formati amalda boʻlib, favorit deb aytiladigan klublar deyarli oʻz taqdirlarini oldindan ijobiy tomonlama hal qilishlari qiyin emas edi. Endigi tizimda esa pley-offning har bir bosqichiga alohida qurʼa tashlanib, kim kim bilan raqib boʻlishi nomaʼlumligicha qoladi. Guruhda birinchilikni qoʻlga kiritgan klub chorak finalni oʻz maydonida oʻtkazadi. Yaʼni bittalik bahslar finalgacha davom etadi hamda bu shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi. Musobaqa gʻolibi OCHLga yoʻllanma qoʻlga kiritishini ham hisobga olsak, bu yerda intriga yana-da oshmoqda hamda har bir jamoada chempion boʻlish uchun motivatsiya oxirigacha saqlanib qoladi degan umiddamiz.

Shunday qilib, 4 guruhdagi jamoalar quyidagicha taqsimlandi:

“A” guruhi

1. AGMK

2. “Andijon”

3. “Navbahor”

4. “Metallurg”

“B” guruhi

1. “Nasaf”

2. “Surxon”

3. “Qizilqum”

4. “Mashʼal”

“C” guruhi

1. “Buxoro”

2. “Shoʻrtan”

3. “Lokomotiv”

4. “Soʻgʻdiyona”

“D” guruhi

1. “Qoʻqon-1912”

2. “Paxtakor”

3. “Bunyodkor”

4. “Oq-tepa”

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston kubogi bahslarida 14 ta superliga jamoalari va ikkita pro-ligada saralashdan muvaffaqiyatli oʻtgan klub ishtirok etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?