Oʻzbekiston koʻpkari terma jamoasi Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarida yarim finalga chiqdi

13:50 06 Sentyabr 2018 Sport
302 0
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Qirgʻiziston Respublikasining Choʻlpon-Ota shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlari qirgʻiz kurashi boʻyicha oʻzbekistonlik sportchilar Mirkomil Ahadqulov (-60 kg) va Aʻzamjon Anvarjonov (-96 kg) bronza medalini qoʻlga kiritdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻyinlar davomida barcha katta qiziqish bilan kuzatib borayotgan uloq koʻpkari bahslarida ham Oʻzbekiston koʻpkari boʻyicha milliy terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston koʻpkari boʻyicha milliy terma jamoasi 2018 yil 3 sentyabr kuni oʻtkazilgan Boshqirdiston Respublikasi bilan oʻyinda 20:2 hisobida gʻalaba qozongan boʻlsa, 5 sentyabr Fransiya jamoasini 19:6 hisobida magʻlub etib, yarim final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

“B” guruhida yarim final bahslari bugun, 6 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00da Choʻlpon-Ota shahridagi “Ippodrom” arenasida oʻtkazilib, unda Oʻzbekiston terma jamoasi Qozogʻiston Respublikasi terma jamoalari bilan bahsga kirishadi. Gʻalaba qozongan jamoa “A” guruhidagi Qirgʻiziston va Rossiya termalari oʻrtasidagi oʻyinlarda gʻolib chiqqan jamoa bilan finalda uchrashadi.

Bugun, 6 sentyabr sanasida Oʻzbekiston vakillari gulesh (Ozarboyjon kurashi), ashirtmali aba guleshi (Turkiya kurashi), uloq koʻpkari turlari boʻyicha bahslarga kirishadi.

Eslatib oʻtamiz, 2 sentyabrdan 8 sentyabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqada dunyoning 66 davlatidan tashrif buyurgan 1556 nafar sportchi medallar uchun bahs olib bormoqda. Oʻzbekiston delegatsiyasi 13ta sport turi boʻyicha 58 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?