Oʻzbekiston kompaniyasi 2018 yilda “MDHda biznes yetakchisi” deb topildi

11:26 29 Mart 2019 Jamiyat
298 0

Illyustrativ foto

Yaqinda Moskva shahrida tashkil etilgan “MDH: raqamli iqtisodiyot – integratsiya platformasi” Xalqaro iqtisodiy forumida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati(OKMK) 2018 yil yakunlari boʻyicha “MDHda biznes yetakchisi” deb topildi.

Mazkur yirik tadbir MDHning Iqtisodiy rivojlanish ishbilarmonlik markazi tomonidan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroqoʻmi koʻmagida tashkil etildi. Unda yaqin va uzoq xorijning 32 mamlakatidan 1500dan ortiq delegat ishtirok etdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida OKMK Markaziy taʼmirlash-mexanika zavodi direktori Sergey Larionov ham qatnashdi. U MDH Ijroqoʻmi kotibi Sergey Lebedevdan faxrli mukofotni qabul qilib oldi.

Kombinat 2018 yilda ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirgani, oʻsish surʼatlarini oshirgani, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini samarali olib borgani uchun mana shunday yutuqqa sazovor boʻldi.

“Bugungi kunda OKMK ishlab chiqarishni yangilash va rekonstruksiya qilish boʻyicha ulkan ishlarni olib boryapti, ishlab chiqarishlarni koʻpaytirish, mahsulot tannarxini kamaytirish, eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan koʻp sonli sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilayotir. Ushbu ishlar davlat ulushi SFI Management xorij kompaniyasining ishonchli boshqaruviga berilganidan soʻng sezilarli ravishda faollashdi”, - deydi S.Larionov.

Uning soʻzlariga koʻra, kombinatning koʻp ming kishilik mehnat jamoasi xizmatlarining Moskvadagi nufuzli xalqaro forumda eʼtirof etilishi mamlakat rahbariyati tomonidan oqilona investitsiyaviy siyosat olib borilayotgani, MDH hududida uzoq muddatli sheriklik va oʻzaro foydali hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilayotgani sharofatidandir.

Maʼlumot uchun, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Oʻzbekistonda mis ishlab chiqaruvchi yagona korxona hisoblanadi. U yerda tozalangan mis, metall rux, molibden, qoʻrgʻoshinli konsentrat va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi.

Respublika miqyosida ishlab chiqarilayotgan kumushning 90 foizi, oltinning 20 foizi OKMK hissasiga toʻgʻri keladi. 2018 yil avgustidan uning davlat ulushi SFI Management Group xorij kompaniyasi ishonchli boshqaruviga berilgan edi.

Kombinat 2018-2025 yillarda umumiy qiymati 663 million dollardan oshadigan yettita investitsiyaviy loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?