Oʻzbekiston kompaniyalari Nyu-Yorkda oʻz savdo uyini ochishdi

11:03 09 Mart 2020 Iqtisodiyot
442 0

Nyu-York shahrida Oʻzbekistonning navbatdagi savdo uyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. U yerda “SAG” kompaniyasining milliy gilamlari hamda “Gulnor” brendi ostida ipakdan toʻqimachilik mahsulotlari taqdim etiladi. Bu haqda mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabar berdi.

Taʼkidlash joiz, 2000-yil Samarqand shahrida asos solingan “SAG” savdo belgisi gilamlar ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyo va MDHdagi yetakchi korxona hisoblanadi hamda har yili 12 mln. metr kvadrat shu turdagi mahsulot yetkazib beradi. Bu yerda ipni shodalashdan tortib tayyor tovarni qadoqlashgacha boʻlgan barcha jarayonlarda eng zamonaviy texnologiyalar qoʻllaniladi.

Shahrisabzlik hunarmand Gulnora Odilovaga tegishli “Gulnor” kompaniyasida esa, aytib oʻtganimizdek, ipakdan toʻqimachilik mahsulotlari tayyorlanadi. Ayni paytda mazkur korxonada qashqadaryolik 200dan ortiq xotin-qizlar faoliyat yuritib kelyapti. Gulnora Odilova Nyu-Meksiko shtati Santa-Fe shahrida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadigan “Xalq amaliy sanʼati xalqaro bozori”(International Folk Art Market, IFAM)ning doimiy ishtirokchisidir.

Diplomatik vakolatxonamizning milliy savdo uylarining tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan vakili Oʻzbekistonda biznes qilish uchun qulay iqlim yaratish, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oʻzbek mahsulotlarini chet el bozorlarida ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganiga toʻxtalib oʻtdi. Binobarin, shu yoʻl bilan mahalliy ishbilarmonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotir.

Maʼlumot uchun, bu ushbu kompaniyalar tomonidan oxirgi ikki yilda tashkil etilgan ikkinchi savdo uyidir. Birinchisi oʻtgan yil noyabr oyida Filadelfiya shahrida ochilgan edi.

“SAG” kompaniyasi menejeri Saida Hakimovaning aytishicha, mazkur savdo uyi yurtimizda ishlab chiqarilgan turli mahalliy tovarlarning koʻrgazmalari va yarmarkalarini oʻtkazish uchun tijorat maydoni vazifasini ham bajarib beradi.

Jumladan, yangi “shou-rum”ga tashrif buyurganlar oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari sifati hamda rang-barangligiga yuksak baho berdi. AQSHga yetkazib berilayotgan tovarlardan katta talab bilan foydalanilayotgani, ular juda raqobatbardosh ekanligi buning tasdigʻidir.

Bugungi kunga kelib yurtimiz kompaniyalari tomonidan Filadelfiya va Nyu-Yorkdagi ikkita savdo uyiga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan hamda umumiy qiymati qariyb 300 ming dollarlik 32 tonna gilam va toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berildi. Qoʻshimchasiga 350 ming dollarlik tovarlar yuborildi.

Eʼtiborlisi, “Gulnor” kompaniyasi Nyu-York shahri mezbonlik qilgan “NewYork NOW” xalqaro festivalida ham qatnashdi. Unda mamlakatimiz va mezbonlar qatori dunyoning 80 davlatidan 2300dan ziyod brendlar ham hozir boʻldi. Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlari, Fransiya, Italiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Tayvan, Avstraliya kabilar shular jumlasidandir.
 

Koʻrgazmaga, shuningdek, “abccarpet&home”, “Ross”, “Walmart”, “Fortuny/Venezia”, “CalvinKlein”, “GAP” kabi yirik riteylerlar, dizaynerlar, chakana savdo kompaniyalarining 25 mingdan ziyod vakillari ham tashrif buyurdi.

Ushbu yirik forumda “Gulnor” savdo belgisi tomonidan Shahrisabz ipagidan “Iroqi” usulida tikilgan milliy toʻqimachilik mahsulotlari namunalari katta assortimentda taqdim qilindi. Bu esa ularni nafaqat AQSH, balki butun dunyoda ham keng targʻib qilinishiga imkon yaratdi. Zero, “NewYork NOW” tadbiri 400dan ortiq xorij ommaviy axborot vositalari tomonidan butun jahon boʻylab bevosita yoritib borildi.

Umuman olganda, Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagi bilan AQSHning ikki shahrida milliy savdo uylarining ochilishi, qolaversa, mahalliy tadbirkorlarning xalqaro festivallarda ishtirok etishi Oʻzbekistondan okean toʻqimachilik mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri eksport qilish hajmlarini oshirish, amerikaliklar orasida oʻzbek milliy madaniyati, qadriyatlari va sanʼatini ommalashtirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?