Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Xalq taʼlimi vazirligining qoʻshma bayonoti

01:17 13 Avgust 2019 Jamiyat
170 0

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi maktablarda ishlovchi 25 — 35 yoshdagi, turmushga chiqmagan va turmushidan ajragan ayollarning alohida roʻyxati yuritilishiga oid maʼlumot paydo boʻlgandi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Xalq taʼlimi vazirligi jamoatchilik oʻrtasida keng muhokamaga sabab boʻlayotgan ushbu roʻyxat boʻyicha yuzaga kelgan savollarga javob beradi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Xalq taʼlimi vazirligi mazkur voqelikni jiddiy oʻrganib chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, bu roʻyxat Andijon shahar xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan viloyatdagi huquqni muhofaza qilish organlariga ishga qabul qilishda suhbatga chaqirish uchun tuzilgan boʻlib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ayol xodimlar, xususan, pedagoglar sonini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Roʻyxatda qayd etilgan ayollar roziligi olingan holda suhbatga yuborilgan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlashni xohlamaganlar esa roʻyxatdan oʻchirilgan va suhbatga chaqirilmagan.

Yana shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi mazkur roʻyxatning tuzilishiga mutlaqo aloqasi yoʻqligiga qaramay, jamoatchilik oldida masʼuliyatni his qilgan holda, tegishli idoralar bilan birgalikda yuqoridagi savollarga javob izladi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Xalq taʼlimi vazirligi ushbu roʻyxatdagi ayollar masalasida aholining vahimaga tushishiga oʻrin yoʻq deb hisoblaydi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar xizmati.

Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari
bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?