“Oʻzbekiston – Xitoy: tarixiy-madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalar rivoji”

07:20 20 Noyabr 2018 Jamiyat
424 0

Poytaxtimizdagi Wyndham Tashkent mehmonxonasida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Xitoyshunoslik fakulteti va institut qoshidagi Konfutsiy nomidagi oʻzbek-xitoy instituti hamkorligida “Oʻzbekiston – Xitoy: tarixiy-madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalar rivoji” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Xitoyshunoslikning dolzarb masalalariga bagʻishlab anʼanaviy tarzda 15-marotaba tashkil etilayotgan mazkur konferensiyada Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Chjan Venchuan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi B. Ismoilov, Rossiya Federatsiyasining Qozon federal Universiteti vakillari, xalqaro tashkilotlar, turli vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari, Konfutsiy nomidagi oʻzbek-xitoy instituti xodimlari, TDSHI rahbariyati, professor-oʻqituvchilar hamda yosh tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etishdi.

Taʼkidlanganidek, Xitoy Xalq Respublikasi Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri boʻlib, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy aloqalar ildizlari qadim oʻtmishga borib taqaladi. Bugungi kunda ham ikki mamlakat oʻrtasida yuksak ishonch va mustahkam doʻstlik munosabatlari asosida har tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanib kelmoqda. Mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama, shuningdek, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, “Bir makon – bir yoʻl” dasturi doirasidagi hamkorlik koʻlami kengayib, sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Konferensiyada zamonaviy bosqichda Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlari, mamlakatimizda xitoyshunoslik ilmining rivoji, xitoy tilini oʻrgatish va oʻrganish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, Xitoyning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish masalalari haqida maʼlumot berildi.

Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda xitoy tilini oʻrganish yoshlar orasida ommalashayotganini taʼkidlab, mamlakatimizdagi 7 ta OTMda xitoy tili xorijiy til sifatida oʻqitilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?