Oʻzbekiston Xitoy gilos bozorida qanday qilib AQSHning oʻrnini egallashi mumkin?

12:19 23 Iyul 2019 Iqtisodiyot
197 0

Illyustrativ foto

Avvalo taʼkidlash joiz, 2017-yilda Xitoyga deyarli barcha gilos AQSHdan keltirilgan edi. Bojlar koʻtarilishi bilan vaziyat ham oʻzgardi.

Natijada Xitoy bozorida Amerika gilosi hissasi 38 foizgacha qisqarib ketdi. Vaholonki, bu koʻrsatkich 2018-yilda 80, 2017-yilda qariyb 100 foiz edi. Endi uning oʻrnini Oʻzbekistonda yetishtirilgan gilos asta-sekin egallashi mumkin. Sababi yurtimizning bu boradagi ulushi 0 foizdan 50 foizga koʻtarildi. Bu haqda Reuters maʼlum qildi.

Aynan gilos ham AQSH va Xitoy oʻrtasidagi savdo urushi “qurboni”ga aylandi, deb yozadi manba. Xitoy bojxona organlari xabariga koʻra, 2000-yildan 2017-yilgacha noldan 200 mln. dollargacha yetgan biznes bugungi kunga kelib hajm boʻyicha oʻz choʻqqisining oʻndan birini egallagan xolos.

Amerika giloslariga nisbatan import tariflari 50 foizgacha oshirilgach, Pekin Markaziy Osiyodan mahsulotlar importiga tegishli qoidalarni yumshatdi. Oʻzbekiston bundan birinchilardan boʻlib foydalandi, biroq AQSHga yetishga hali bor. Chunki hozir ortilayotgani yuk shu qadar kam, talab esa shu qadar kattaki, oqibatda Xitoyda gilos topish muammoga aylandi. Buni shunday izohlash mumkin: AQSHdan mahsulot yetkazib berish kasodga uchragandan soʻng Xitoyda gilosning umumiy importi keskin kamayib ketdi. Gap shundaki, 2019-yil may oyida bor-yoʻgʻi 187 tonna gilos olib kelindi. Xolbuki, 2018-yilning shu oyida mazkur koʻrsatkich 337 tonna, 2017-yilda esa 1505 tonnaga teng edi. Farq, koʻrib turganingizdek, ancha sezilarli.

Ushbu holatdan AQSHda gilos yetishtirish bilan shugʻullanadigan XXRning bir nechta kompaniyasi zarar koʻrdi. Ulardan birining rahbari Viktor Vanning aytishicha, Amerika giloslarini Xitoyda mashhur qilish va hatto Kanadadan ham koʻproq Chin oʻlkasiga sotilishiga erishish uchun 17 yil vaqt sarflangan. Marketing, lobbi deganlaridek.

Hammasi 2018-yilda tariflarni oshirish boʻyicha ikkita raunddan soʻng roʻy berdi. Oʻshanda import bojlariga 40 foizlik punkt qoʻshilgan edi. Xitoyliklar umuman gilossiz qolib ketmasliklari uchun XXR rasmiylari Markaziy Osiyo mahsulotlariga joʻnatishdan oldin 21 kun sovuq ishlov berish boʻyicha cheklovni olib tashladi, bu eksportni yengillashtirdi. Zararkunandalarga qarshi kurashishda esa fumigatsiya(qishloq xoʻjaligida ekin va mollarning kasalliklariga hamda zararkunandalariga qarshi kurash usullaridan biri, yaʼni tutun bostirish) usulini ilgari surdi.

Bu esa ilgari amerikalik importchilar bilan umidsiz raqobatga kirishgan tadbirkorlarga yangi imkoniyatlar ochib berdi.

Ulardan biri uzoq yillardan beri Oʻzbekistondagi turli loyihalarga investitsiya kiritib kelayotgan Zhejiang Fishing E-Commerce Co bosh direktori Chju Szyanfendir. Uning kompaniyasi joriy yilda ilk bor Oʻzbekistondan Xitoyga 300 tonna gilos eksport qildi.

Chju Oʻzbekistonda ishlov berish texnologiyalari yoʻq ekanligiga ham toʻxtalib oʻtar ekan, bu yerda yetishtirilgan gilosning yaroqlilik muddati besh kun boʻlsa, Amerikadagisi esa ikki hafta sarxil holatda turishini taʼkidlaydi. Shunga qaramay, Chju tushkunlikka tushmay, aksincha, oʻz investitsiyalari hisobiga Oʻzbekistonda sovuq usulda ishlov berish texnologiyalarini modernizatsiya qilishga koʻmak berishni rejalashtirayotganini bildirgan. Shu yoʻl bilan 2020-yilga kelib Oʻzbekistondan XXRga gilos yetkazib berish hajmini 5000-10000 tonnagacha yetkazmoqchi.

AQSH va Xitoy oʻrtasidagi savdo urushlari inobatga olinsa, yaqin vaqt ichida unga ushbu maqsadini amalga oshirishda hech narsa toʻsqinlik qila olmasligi oydinlashadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?