Oʻzbekiston Xitoy bilan ekspert-kriminalistika sohasida hamkorlik qiladi

16:00 07 Avgust 2019 Jamiyat
133 0

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida Ekspert-kriminalistika bosh markazi boshligʻi polkovnik Nail Galipshin Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasidagi XXR Jamoat xavfsizligi vazirligining rasmiy vakillari Lyu Tunpin va Van Syuan bilan uchrashdi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Uchrashuv davomida ekspert-kriminalistika faoliyatida hodisa joylaridan olingan ashyoviy dalillarning ekspertlik tadqiqotlari samaradorligini oshirish, avtomatlashtirilgan kriminalistik identifikatsiya tizimlarini joriy etish hamda soha mutaxaassislari malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Kelgusida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligining Ashyoviy dalillar markazi bilan pulegilzateka, raqamli ekspertizalar va DNK laboratoriyalari faoliyatiga oid ikki tomonlama memorandum imzolanishi imkoniyatlari yuzasidan takliflar bildirildi. 

Shuningdek, mazkur tadbir jarayonida tomonlarni qiziqtiruvchi boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?