Oʻzbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva 89 yoshida vafot etdi

10:33 15 May 2019 Jamiyat
570 0

Oʻzbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva 14 may kuni 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Oʻzbekkino“ “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Aktrisa Tibbiyot bosh boshqarmasiga qarashli 1-markaziy klinik shifoxonasining jonlantirish boʻlimida hayotdan koʻz yumgan.

Yayra Abdullayeva 1930 yil 14 avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1950 yilda A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan.

Aktrisa hayoti davomida yuzdan ortiq turli-tuman rol ijro etib, oʻz ustida tinmay ishlagan zabardast ijodkor sifatida xalq mehriga sazovor boʻldi. U sahnadagi faoliyati bilan bir qatorda kino, televideniye va radioda ham betakror rollar ijro etdi. Jumladan, “Boy ila xizmatchi”da Gulbahor, “Stadionda uchrashamiz”da Raʼno, “Opa-singil Rahmonovalar”da Dildor, “Hamza”da Saodat hamda birinchi oʻzbek telefilmi “Azizaxon”da Azizaxon, “Zaynab va Omon”da Zaynab, “Yettinchi oʻq”da Xonim kabi rollari kino sanʼatimiz yutuqlaridan boʻldi.

Respublika radiosidagi “Teatr mikrofon oldida”, “Bir aktyor teatri” kabi eshittirishlarda faol qatnashgan aktrisa qator radiospektakllarda ham rollar ijro etgan.

Yayra Abdullayevaning sermazmun va samarali ijodiy faoliyati davlat tomonidan “Oʻzbekiston xalq artisti” (1964) unvoni, Davlat mukofoti, “Doʻstlik”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan munosib taqdirlangan.

“Xalq soʻzi Online” tahririyati marhumaning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?