Oʻzbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov vafot etdi

13:56 17 May 2019 Madaniyat
2462 0

Bugun, 17 may kuni Oʻzbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Xalq soʻzi“ga vaziyatdan xabardor manbalar maʼlum qildi.

Marhumning janoza marosimi bugun, 17 may kuni asr namozidan keyin boʻlib oʻtadi. Ijodkor Oʻrikzor dahasidagi Said Vaqqos Ota qabristoniga dafn etiladi.

Maʼlumot uchun, Ortiq Otajonov 1947 yil 30 yanvar kuni Xorazm viloyati Bogʻot tumanida tugʻilgan. Oʻzbekiston (1991 y.), Turkmaniston va Qoraqalpogʻiston (1993 y.) xalq artisti. Urganch musiqa bilim yurtini (rubob sinfi boʻyicha, 1967 y.) va Toshkent madaniyat instituti (1980 y.)ni tugatgan.

Milliy ashulachilik yoʻllarini Komiljon Otaniyozov, shuningdek, A.Otajonov, M.Mirzayev, G.Rahimova, O.Ibrohimov va S.Sobirovlardan oʻrgangan. Oʻzbek davlat filarmoniyasi, “Lazgi” ansamblida xonanda (1968-81 yillar), “Lazgi” ansamblining badiiy rahbari boʻlgan.

Repertuaridan Xorazm mumtoz ashulalari (Feruz I,II, savtlari bilan ”Chapandozi Suvora”, “Xorazm Dugohi” va b.), kuyini oʻzi bastalagan asarlar (“Zebolanib kelibsiz”, “Ona diyorim”, “Xorazm farzandiman”,”Orol dardi”, “Sening kulishlaring”, “Ibiyay”, “Boshqacha” va b.), shuningdek, afgʻon, turkman, ozarbayjon, rus, arab qoʻshiqlari oʻrin olgan. Ijrolari 2 gramplastinka, Oʻzbekiston radiosi fonotekasiga yozilgan.

“Xalq soʻzi Online” tahririyati marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?