Oʻzbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova vafot etdi

11:07 21 Mart 2020 Jamiyat
140 0

Joriy yilning 20-mart kuni Oʻzbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirova vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar bermoqda.

Oybarchin Bakirova 1950-yil 27-iyunda Andijonda taniqli oʻzbek aktyori Abbos Bakirov oilasida tugʻilgan. 1971-yil Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan.

Aktrisa oʻz faoliyatini 1971-yilda “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida boshlagan. U koʻpchilikka tanish boʻlgan “Yettinchi jin”, “Tangalik bolalar”, “Vodillik kelin”, “Armon”, “Oʻyin” va “Farzandim” kabi oʻnlab filmlarda turli obrazlarni yaratgan.

Oybarchin Bakirova tomoshabinlarga nafaqat kinoaktrisa balki dublyaj sohasidagi faoliyati orqali ham juda yaxshi tanish. Aktrisa bugungacha yuzdan oshiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan.

Oybarchin Bakirova oʻz faoliyati orqali 2000-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangan.

Vazirlik xabariga koʻra, bugun, shom vaqti bilan taniqli aktrisa Toshkent shahridagi “Chigʻatoy” qabristoniga dafn etiladi.

Tahririyatimiz nomidan marhumaning oila aʼzolari va yaqin doʻstlariga taʼziya va hamdardlik bildiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?