Oʻzbekiston keyingi yili turistlar uchun ommabop boʻladigan hududlar reytingida yuqori oʻrinda qayd etildi

18:16 16 Noyabr 2018 Welcome to uzbekistan
380 0

Foto: Sputnik

Dunyoga mashhur “Lonely Planet” saytida Kanadaning “G Adventures” sayyohlik kompaniyasi ekspertlari fikri asosida kelgusi yilda eng ommabop boʻladigan 10 ta turistik yoʻnalish eʼlon qilindi.

Mazkur roʻyxatdan ayni paytda ulkan islohotlar va siyosiy oʻzgarishlarni boshdan kechirayotgan hamda yuksalayotgan mamlakatlar joy olgan. Izohlanishicha, ushbu davlatlarga safar uyushtirish qiziq boʻlishi bilan birga, osonlashib ham boryapti.

Biz uchun ahamiyatli jihati, reytingda Oʻzbekiston ikkinchi oʻrinda qayd etildi. Mutaxassislar 2018 yilda yurtimizda vizaga oid talablar yumshatilgani va elektron viza tizimi joriy qilinganini alohida koʻrsatib oʻtishgan.

“G Adventures” eʼtirofiga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlariga boʻlgan qiziqish aslo susaygani yoʻq. Masalan, oxirgi besh yilda Oʻzbekistonga kelgan sayyohlar oqimi 72 foiz oʻsgan. Mutaxassislar roʻyxatni shakllantirishda kompaniya maʼlumotlari va isteʼmolchilarning fikrlariga tayanishgan.

Oʻntalikda birinchi pogʻonani Yaponiya egalladi. Bu yerda 2019 yilda regbi boʻyicha jahon chempionati, 2020 yilda esa yozgi Olimpiya oʻyinlari tashkil qilinadi. Aytib oʻtganimizdek, ikkinchi oʻrinda Oʻzbekiston, keyin Senegal, Tayvan, Shri-Lankaning shimoliy provinsiyalari, Iordaniya, Islandiya, Efiopiya, Italiya, Patagoniya joylashgan.

Maʼlumot oʻrnida keltirib oʻtamiz, “Lonely Planet” oʻrta sinf sayyohlari uchun tavsiyalar, maslahatlar eʼlon qilib boradigan dastlabki nashriyotlardan biri hisoblanadi. Unga 1972 yilda asos solingan. 2007 yilda “VVS”ning “BBC Worldwide” tijorat agentligi tomonidan sotib olingan. “Lonely Planet” 500 nomdan ziyod turistik yoʻnalishlar, maslahatchi qoʻllanmalar va sakkiz tilda soʻzlashuv kitoblari chiqargan. Ularning yillik adadi 6 million nusxaga yetadi.

“G Adventures” kompaniyasi esa kichik guruhlar uchun sarguzasht turizmini tashkil etishga ixtisoslashtirilgan. U 1990 yilda Kanadaning Toronta shahrida ochilgan. Dunyo boʻylab 28 ta ofisi mavjud hamda 100 dan ortiq mamlakatga 700 ga yaqin turlarni taklif etadi. Har yili 162 ta davlatdan 200 ming sayyohga xizmat koʻrsatadi.

Maʼlumot uchun, Oxirgi besh yilda Oʻzbekistonga kelgan sayyohlar oqimi 72 foiz oʻsgan.

S. MAXSUMOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?