Oʻzbekiston Kartaxena protokoliga qoʻshildi. Bu GMO mahsulotlari masalasida muhim qadam.

11:19 16 Oktyabr 2019 Jamiyat
72 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining biologik xilma-xillik haqidagi konvensiyaning bioxavfsizlik boʻyicha Kartaxena protokoliga qoʻshilish toʻgʻrisida (Monreal, 2000-yil 29-yanvar)”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqilib, maʼqullangan edi. Bugun 15-oktyabr kuni ushbu hujjat imzolanib, matbuotda eʼlon qilindi.

Mazkur Qonun atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha vazifalarni inobatga olgan holda, genetik modifikatsiyalangan organizmlar va ulardan qayta ishlangan mahsulotlardan foydalanish masalasini qonuniy tartibga solish uchun muhim qadam boʻlib, uning imkoniyatlaridan maksimal foydalanish va inson salomatligi hamda atrof muhitga tahdidni minimal darajaga tushurish imkoniyatini yaratadi.

Biologik xilma-xillik haqidagi konvensiyaning bioxavfsizlik boʻyicha Kartaxena protokolining maqsadi zamonaviy biotexnologiyani qoʻllash natijasi boʻlgan va biologik xilma-xillikning saqlanishi hamda undan barqaror foydalanilishiga nomaqbul taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan tirik oʻzgartirilgan organizmlarni xavfsiz yetkazib berish, unga ishlov berish va foydalanish sohasida inson sogʻligʻi uchun xatarlarni inobatga olgan holda, chegaralararo olib oʻtilishiga alohida eʼtibor qaratgan holda lozim boʻlgan darajadagi muhofazani taʼminlashdan iborat.

Qonun davlatimiz uchun bir qator muhim afzallik va imkoniyat beradi. Biotexnologiya rivojlanishi va genetik modifikatsiyalangan organizmlardan foydalanish bilan bogʻliq ekologik holatni yaxshilash, aholi salomatligiga, atrof muhitga, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni bartaraf qilish imkoniyati shular jumlasidan. Shuningdek, mamlakatimiz rivojlanayotgan va oʻtish davri iqtisodiyotiga ega boʻlgan davlatlarga protokolni toʻlaqonli qoʻllash va uning jarayonlarida ishtirok etishni taʼminlashga qaratilgan yordam doirasida mazkur hujjatda koʻzda tutilgan muayyan moliyaviy resurslar va texnologiyalardan foydalanishi mumkin boʻladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Yevropa Ittifoqining “GSP+” deb atalmish preferensiyalarining bosh tizimiga qoʻshilish hisobiga mahalliy mahsulotning eksport hajmini va geografiyasini kengaytirishi mumkin.

Shu hisobdan, mazkur xujjat kelgusida Oʻzbekistonning 6200 dan ortiq mahsulot turida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan boj toʻlovlarisiz erkin savdo qilish imkoniyatini yaratadi, shuningdek, makroiqtisodiy prognozlarga koʻra istiqbolda mamlakatimiz eksport hajmini qariyb 3 baravarga, yaʼni 1,3 mlrd. AQSH dollarigacha oshirish imkonini beradi.

Raxmatulla Nazarov,
Oliy Majlis Senati aʼzosi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?