Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasiga yangi rais saylandi

16:45 05 Oktyabr 2018 Sport
1126 0

Bugun, 5 oktyabr kuni Toshkentdagi “Milliy” stadionining anjumanlar zalida Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi mutasaddilari, kamondan otish federatsiyasi xodimlari, viloyatning federatsiya boʻlimi vakillari, sportchi va murabbiylar, shuningdek, ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishdi.

Yigʻilishni Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Prezidenti maslahatchisi Komiljon Xudoyberganov olib bordi. Konferensiya davomida bungacha erishilgan yutuqlar, qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyatlar uchun federatsiyaning avvalgi raisi Jamoliddin Boboxonovning xizmatlari alohida qayd etildi va minnatdorchilik ramzi sifatida unga zarbof choʻpon kiydirildi.

Shundan soʻng Otabek Sobitjonovich Imomov nomzodi Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi lavozimiga taklif qilindi. Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan ushbu nomzodni qoʻllab-quvvatladilar. Shu tariqa O.Imomov Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining raisi lavozimiga saylandi.

“Asosiy maqsadimiz davlatimiz rahbari tomonidan sport yoʻnalishi boʻyicha qoʻyilgan vazifalarni bajarishdir. Kelajakda yangidan-yangi marralarni zabt etamiz. Nasib qilsa Tokio 2020 Olimpiya oʻyinlariga nafaqat litsenziya qoʻlga kiritamiz, balki medallar uchun ham harakat qilamiz”, – dedi federatsiyaning yangi raisi Otabek Imomov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?