Oʻzbekistonda yoʻlovchi tashuvchi vagonlar eksportga chiqarilmoqda

10:52 18 Iyun 2019 Iqtisodiyot
267 0

“Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati jamoasi xuddi shu tamoyilga amal qilayotgani bu yerda ishlab chiqarayotgan vagonlardan nafaqat respublikamiz temir yoʻl yoʻnalishlarida samarali foydalanilyapti, balki ularga xorijliklar ham katta qiziqish bildirishmoqda. Masalan, zavoddan kuni kecha navbatdagi ikkita vagon qoʻshni Qozogʻistonga joʻnatildi.

Shu oʻrinda mazkur vagonlarga alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Chunki u avvalgilaridan bir jihati, yaʼni imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun maxsus kupesi mavjudligi bilan alohida ajralib turadi.

— Ushbu vagon mijozlar talab va istaklariga koʻra, oʻzimizning muhandis-konstruktorlarimiz tomonidan loyihalashtirildi, — deydi zavodning bosh konstruktori Abduqodir Oʻrolov. — Unda mutaxassislarimiz nogironlar uchun bir qator qulayliklar yaratishga harakat qilishgan. Xususan, vagon va kupening kirish qismi, yoʻlaklari kengaytirilgan. Nogironlik aravachasini olib chiqish uchun maxsus koʻtaruvchi moslama bilan jihozlangan.

Kupe ham xuddi shu talablar asosida jihozlangan. Xususan, uning eshik raqami ham koʻzi ojizlar uchun “brayl” alifbosida tushirilgan. Vagon kuzatuvchisini chaqirish tugmasi, ichki va tashqi haroratni, vaqtni bildiruvchi moslamalar ovozli tarzda maʼlumot beradi.

Qayd etish joizki, yangi vagonning 60 foiz butlovchi qismlari korxonaning oʻzida tayyorlanmoqda. Isitish va sovitish tizimlari, boshqaruv pulti, yuqori va past kuchlanishli maxsus elektr moslamasi, tirkamani shular sirasiga kiritish mumkin.

Endilikda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati xalqaro yoʻnalishlardagi poyezdlarni ham shu kabi jahon standartlariga mos vagonlar bilan taʼminlashni rejalashtirmoqda.

Maʼlumot uchun aytib oʻtish kerakki, “Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida bir yilda 350-400 ta vagon taʼmirlanib, 50 ta yangi vagon quriladi va buyurtmachilarga yetkazib beriladi. Bunda korxona sexlarining eng ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangani muhim ahamiyat kasb etyapti, albatta.

Dilshod ULUGʻMURODOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?