O‘zbekiston yil oxiriga qadar 1,5 milliard dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiladi

15:24 05 Iyun 2018 Iqtisodiyot
393 0

O‘zbekiston yil oxiriga qadar qiymati bir yarim milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilmoqchi. Bu haqida “O‘zagroeksport” tashqi savdo kompaniyasi bosh direktori Sulton Nazarov “Xalq so‘zi”ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimiz may oyida bu borada misli ko‘rilmagan natijalarga erishdi. Xorijga qariyb 150 million dollarlik 120 ming tonna mahsulot jo‘natildi.

“Odatdagidek Qozog‘iston va Rossiya asosiy tashqi bozorimizga aylandi. Yetkazib berishni diversifikatsiya qilish uchun Osiyo mamlakatlari, masalan, Xitoy, Indoneziya, Malayziya va Janubiy Koreyaga eksportni ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz. Yaqinda xitoylik xaridorlar bilan 10 ming tonnaga va koreyaliklar bilan 5 ming tonnaga shartnoma imzoladik. Bu gilos yetkazib berish bo‘yichadir”, deya qayd etdi u.

Kompaniya mutaxassislari prognoziga ko‘ra, 2018 yilda eksportga chiqariladigan mahsulotlarning 60 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu Rossiyaning “Magnit”, “Meridian”, “Holidey”, X5 Retail Group va boshqa yirik savdo tarmoqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish hisobiga, shuningdek, Qozog‘iston orqali reeksport hisobiga bo‘ladi.

Eksport hajmini oshirishning yana bir yo‘nalishi barcha o‘zbek meva-sabzavotlarini UzAgro yagona brendi ostida ilgari surishdir. Kompaniya Rossiya va Dubayga shu bo‘yicha sinov yetkazib berishlarini amalga oshirishga ulgurdi.

“Mazkur brend mahsulot sifati va xavfsizligiga yagona yondashuvni shakllantirish imkonini berdi. Uni keng miqyosda ilgari surish uchun, eng avvalo, mahalliy kesimda sifat nazoratini yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Ayni paytda shu ish bilan shug‘ulanyapmiz. Kelgusi yildan boshlab mahsulotlarni Uzagro yagona brendi orqali yetkazib berishga to‘liq o‘tamiz”, dedi S.Nazarov.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston xorijga 115,9 million dollarlik meva-savbzavot mahsulotlari jo‘natdi. O‘sish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41,8 foizga yetdi. Shundan 17,3 foizi mevalar va 65,6 foizi sabzavotlar hamda 13 foizi uzum hissasiga to‘g‘ri keldi.

Eksport bo‘yicha Qozog‘iston(35,4), Rossiya(13,3), Afg‘oniston(12,5), Vyetnam(6,7), Xitoy(5,9), Turkiya(5,2), Qirg‘iziston(2,5), Pokiston(2,3) va Eron(2 foiz) asosiy hamkorlarga aylandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?