Oʻzbekiston iyul oyidan buyon Ural va Sibirga 700 tonnadan ziyod meva-sabzavot mahsulotlari eksport qildi

18:21 12 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
147 0
Illyustrativ foto

Joriy yil iyun oyida Janubiy Uralning “Churilovo” agroxoldingi “Oʻzagroeksport” kompaniyasi va yetakchi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan mavsumiy sabzavot hamda mevalarni yetkazib berish boʻyicha bitim imzolagandi. Binobarin, iyul oyidan boshlab Ural va Sibir hududlarida yurtimizda yetishtirilgan sarxil neʼmatlar joʻnatila boshlandi. Oʻtgan qisqa davrda bu boradagi eksport hajmi 700 tonnadan oshib ketdi. Bu haqida Chelyabinsk viloyati gubernatori Oʻzbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvi chogʻida aytib oʻtdi.

“Bizning savdo aloqalarimiz tezlashib borayapti. Oʻzbekiston Respublikasi bilan tovar aylanmasini jiddiy faollashtirgan “Soyuzpiщyeprom”, “Makfa”, “Sigma”, “Resurs” yetakchi korxonalari bu ishga katta mablagʻ yoʻnaltirgan. Eksport joʻnatmalari hajmi 12 ming tonnaga yaqinlashib qoldi. “Churilovo” agroxoldingi va “Oʻzagroeksport” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik qilish boʻyicha bitim imzolangan. Tovar aylanmasini koʻpaytirish istiqbollari mutlaq haqiqat deb hisoblayman”, - dedi gubernator.

Oʻtgan yilda Chelyabinsk viloyati va Oʻzbekiston oʻrtasida mahsulot ayirboshlash 2016 yilga nisbatan 76 foiz oʻsib, 291 mln. dollarni tashkil etdi. Oʻsish tendensiyalari joriy yilda ham kuzatilmoqda. Masalan, dastlabki olti oyda tovar aylanmasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 40 foiz oshib, 152 mln. dollarga yetdi.

Uchrashuv davomida agrosanoat kompleksi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berish, savdo-iqtisodiy sohalarda oʻzaro hamkorlik qilish va kooperatsiyani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?