Oʻzbekiston Ispaniyadan yana ikkita tezyurar poyezd olib keladi

16:35 09 Aprel 2019 Iqtisodiyot
272 0

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Ispaniyaning Patentes Talgo S.L.U. kompaniyasi bilan olib borgan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralaridan soʻng Talgo-250 rusumidagi ikkita tezyurar poyezd olib kelish boʻyicha shartnoma imzoladi. Bu haqda hukumatning tegishli qaror loyihasida aytib oʻtilgan.

Shartnomada, shuningdek, toʻrtta ekonom-klass vagoni, ehtiyot qismlari va servis xizmatlari koʻrsatish uchun asbob-uskunalar yetkazib berilishi ham nazarda tutilgan. 

Bundan tashqari, Ispaniya hukumati Ispan kompaniyalarining korporativ internatsionallashuv fondi tomonidan shartnoma doirasida 30 yil muddatga kredit ajratilishini ham maʼqullagan. Shundan 10 yili 0,05 stavkali imtiyoz muddatidir.

Hujjatda qayd etilishicha, loyiha 2019-2021 yillarda amalga oshiriladi. Oʻzbekistonning unga qoʻshadigan hissasi 15,3 mln. yevro ekvivalentiga teng. Shundan 14,37 mln. yevrosi soliq va bojxona imtiyozlari koʻrinishida taqdim etiladi. Qolaversa, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hisobidan 934,4 ming yevro ekvivalentida mablagʻlar ajratiladi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston toʻrtta Afrosiyob tezyurar yoʻlovchi poyezdidan foydalanib kelmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?