Oʻzbekiston — islom dunyosida terrorizm, ekstremizm kabi buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borayotgan mamlakat

22:00 14 Sentyabr 2020 Siyosat
269 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan soʻnggi yillarda ilgari surilayotgan xalqaro va mintaqaviy tashabbuslar jahon hamjamiyat tomonidan munosib qarshi olinmoqda. Ushbu takliflarning qoʻllab-quvvatlanishi va izchil amalga oshirilishini dunyoning siyosiy manzarasi oʻzgarib borayotgan bugungi kun talabi nuqtayi nazaridan ilgari surilganiga yana bir misol.

Turkiyaning Buyuk millat majlisidagi «Turkiya-Oʻzbekiston» parlamentlararo doʻstlik guruhi raisi Osman Mesten “Dunyo” AAga bergan intervyusida davlatimiz rahbari boshchiligida Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlar va xalqaro miqyosda taklif etayotgan tashabbuslar ahamiyati haqida quyidagilarni qayd etdi:

– Dunyoda ekstremizm, qurolli toʻqnashuvlar, qon toʻkilishi, jaholat va zalolat, murosasizlik, adolatsizlik kabi holatlarga guvoh boʻlyapmiz. Islomofobiya kun sayin kuchayib bormoqda. Bu esa dunyodagi barqarorlikka salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois bugun xalqaro miqyosda adolat va ilm-maʼrifatga asoslangan yangi global tizimga ehtiyoj bor. Bunda adolat va maʼrifatning dunyo uzra yoyishga qodir yetakchilarga ehtiyoj bor.

Oʻzbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining bu yoʻnalishda olib borayotgan kuchli davlat siyosati bizda alohida qiziqish uygʻotmoqda. U Prezident sifatida ish boshlagan ilk kunlardan eʼtiboran ichki va tashqi siyosatda jiddiy islohotlarni amalga oshirishga kirishdi va bu yoʻnalishdagi ishlar izchil davom etmoqda. Davlatingiz rahbari mamlakatning boy tarixi va bebaho merosidan qudrat olib, tajriba va dadillik bilan insoniyatga ziyo ulashgan Imom Buxoriy, Moturidiy, Beruniy, Farobiy kabi ulugʻ allomalarga munosib voris sifatida xalqaro maydonda katta obroʻga ega boʻlmoqda.

Xususan, 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasi, keyinroq esa BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasiga doir Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning faol siyosiy yetakchiligi bilan amalga oshirildi.

Oʻzbekiston chuqur tarixiy va bugungi tadrijiy rivojlanish orqali dunyoga insoniy, islom madaniyati va maʼrifatini tarqatuvchi markaz sifatida tanilish uchun yetarli imkoniyat va salohiyatga ega.

Hozirgi kunda islom dunyosida terrorizm, ekstremizm kabi buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi eng muvaffaqiyatli kurash olib borayotgan mamlakat ham aynan Oʻzbekistondir. Bugun Oʻzbekiston dunyoga tinchlik, taraqqiyot, madaniyat va maʼrifat tarqatishda davom etmoqda.

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati qoshida yoshlar parlamenti tashkil etilganini olqishlaymiz. Ushbu tashkilotning tuzilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga boʻlgan eʼtibori bilan birgalikda, uning oʻz mamlakati kelajagini maʼrifatparvar yoshlar timsolida koʻrayotganidan dalolatdir. Prezident Oʻzbekiston yoshlarining dunyo mamlakatlarida, shu jumladan Turkiya oliygohlarida zamonaviy bilim va kasb egallashlariga alohida ahamiyat qaratmoqda. Turkiy islom madaniyatining qayta tiklanayotgani va bu borada Prezidentlar Mirziyoyev Shavkat va Rejep Tayyip Erdoʻgʻon yetakchilik qilayotgani kelajakka boʻlgan ishonchni kuchaytirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?