O‘zbekiston ipak eksportida Xitoy o‘rnini egallashi mumkin

13:56 13 Aprel 2018 Iqtisodiyot
991 0

Ilgari faqat aslzodalar doirasigagina xos bo‘lgan ipakli kiyim-kechaklar bugun dunyo aholisining barcha qatlami orasida urfga kirmoqda. Sababi, ipakli matolar tabiiyligi, kishi tanasiga xush yoquvchi mayinligi, eng asosiysi, jozibali rangi bilan xotin-qizlarni maftun etgan. Shu bois ipakchilik sanoatida boy tajribaga ega O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan talab tobora ortmoqda.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalarda 2018 yilning birinchi choragida 165 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, 19,7 milliard so‘mlik xalq iste’mol mollari, 683,3 tonna xom ipak, 1034 ming pogon metr  ipakli gazlama ishlab chiqarilib, rejadagiga nisbatan 2,3 marta ko‘p, ya’ni 9,6 million AQSh dollarilik eksport amaliyotlari bajarilgani buning yaqqol dalilidir. 

Xalqaro press-klubning “O‘zbek ipagi: yangi islohotlar davridagi muhim vazifalar ijrosi” mavzuidagi anjumanida shu haqda ma’lumot berildi. 

— Yurtimizda sohani rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani tufayli o‘tgan bir yil ichida pillachilik tarmog‘i qayta oyoqqa turib, rivojlanishning innovatsion yo‘liga o‘tdi, — deydi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Olimjon Jumayev. — 2017 yilda ikki marta, joriy yilda esa uch marta ipak qurti parvarishlanishi chet elik hamkorlarimizda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Chunki pilla yetishtirish hajmi ortib, qayta ishlash korxonalarining xom ashyo bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash sur’ati tobora ortmoqda. 

Darhaqiqat, uyushma tashkil etilgunga qadar tizimdagi pillani qayta ishlash korxonalarini xom ashyo bilan ta’minlash darajasi 17 foizga tushib qolgan edi. 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 54 foizga chiqarilgani quvonarli hol, albatta. Bundan tashqari, shu paytgacha faqat xom ipak ishlab chiqarilgan bo‘lsa, endilikda uning safiga ipak momig‘i, tayyor mato ham qo‘shildi. Hademay, yangi quvvatlarning ishga tushirilishi hisobiga tut bargidan choy, ipak qurti g‘umbagidan moy ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi. Umuman olganda, 2021 yilgacha ipakdan kamida 6 turdagi raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarilib, eksportga yo‘naltiriladi. 

— Moda yo‘nalishida ipakli gazlamalar bilan ishlash juda oson, — deydi BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha menejeri Anita Travaini. — Chunki uning yorqin ranglari, nafisligi va o‘ta pishiqligi har qanday mavsumga mos liboslar kolleksiyasini yaratish imkonini beradi. Shu bois keyingi paytda Yevropada ipakli gazlamalarga bo‘lgan talab ortmoqda. Biz o‘zbekistonga kelib, uning ushbu sohada yuksak salohiyatga ega ekanligiga yana bir karra amin bo‘ldik. Sohani rivojlantirish yo‘lida hamkorlik qilish, buning uchun bor bilim va tajribamizni safarbar etishga tayyormiz. 

Bugun jahon bozorida ipak mahsulotlari yetkazib berishda Italiya yetakchilik qilmoqda. O‘tgan yili 1 milliard yevrolik ipak matolar eksport qilingani fikrimiz tasdig‘idir. Qiziq jihati shundaki, buning uchun zarur xom ashyo Xitoydan olib kelinadi. 

— Bugun yangi bozorlarga kirish, yangi hamkorlar topish harakatidamiz, — deydi Italiyaning “Ongetta” kompaniyasi ijrochi direktori Franchesko Onjetta. — O‘zbekiston ular orasida yetakchi bo‘lishi mumkin. Bu yerda ipakchilikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor savdo-sarmoyaviy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga undamoqda. Biz yuqori sifatli o‘zbek ipagini xarid qilish, birgalikda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq qilishdan manfaatdormiz.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, uyushma tomonidan AQSh, Avstraliya, Kanada, Hindiston, Xitoy, Vetnam, Janubiy Koreya, Italiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Vengriya, Slovakiya kabi davlatlar bilan ipakchilik, turizm sohalarida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, birgalikda yirik loyihalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Said RAHMONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.  

        
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?