“Oʻzbekiston investorlar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda”

11:21 16 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
560 0

Poytaxtimizda Adliya vazirligi hamda Oʻzbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi “UTID” bilan hamkorlikda “Xorijiy investitsiya va mutaxassislarning mehnat faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan izchil islohotlar” mavzusida konferensiya tashkil etildi. Unda mahalliy va xalqaro ekspertlar, xorijiy biznes-subyektlari vakillari, vazirlik va idoralar vakillari qatnashdilar.

Tadbirda mamlakatimizda xorijiy investitsiya va mutaxassislarning mehnat faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan yangi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirildi. Shu bilan birga, sohadagi mavjud muammolar ham tahlil qilindi.

— Oʻzbekiston investorlar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Bilishimcha, keyingi qisqa vaqtda tadbirkorlik hamda investitsiya sohasini takomillashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, — deydi Turkiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shen. — Prezident tomonidan yaqinda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qarori ham eʼtiborga sazovor. Bu mamlakatga malakali chet ellik mutaxassislar, raqobatdosh mehnat resurslarini jalb qilishni ragʻbatlantirishda katta oʻrin tutadi.

Yakunda nafaqat mamlakatimizda xorijiy investorlar va tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan investitsiyaviy muhit haqida fikr almashildi, balki uni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ham ishlab chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?