Oʻzbekiston ilk marotaba “Magnifest-2019” xalqaro festivalida ishtirok etdi

14:47 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
85 0

Yaqinda Germaniyaning Braunshveyg shahrida “Magnifest-2019“ xalqaro festivali boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonning turizm salohiyati ham ilk bor targʻib etildi.

Targʻibot ishlari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan faol vatandoshlar hamkorligida tashkil etildi.

“Magnifest“ xalqaro festivali deyarli bir asr davomida oʻtkazilib kelinayotgan, musiqiy va gastronomik namoyishlar bilan tanilgan yirik xalq sayllaridan biridir. Mazkur festivalga har yili Germaniya va unga qoʻshni Yevropa mamlakatlaridan 150 mingdan ziyod aholi tashrif buyuradi. Joriy yilgi “Magnifest“ xalqaro festivalida Oʻzbekiston ilk marotaba ishtirok etdi. Festival 3 kun davom etib, unda “Sugʻdiyona“ oʻzbek davlat milliy cholgʻulari kamer orkestri ham qatnashdi. Taʼkidlash joizki, festival doirasida yurtdoshlarimiz tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashib, katta qiziqish uygʻotdi. “Magnifest“ festivali Oʻzbekistonni xorijda tanitish, jumladan mamlakat turizmini targʻib etishda muhim oʻrin tutadi. “Oʻzbekiston ushbu festivalda birinchi marta ishtirok etayotgan boʻlishiga qaramay, ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizga, xususan milliy madaniyatimiz, sanʼatimiz va turizm salohiyatimizga katta qiziqish bildirilmoqda. Oʻzbekistonning gastronomik turizm, madaniyat va turizm salohiyati nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, “Magnifest“ festivalida muntazam qatnashish, albatta, ijobiy natija beradi” – deydi ayni damda Germaniyada taʼlim olayotgan vatandoshimiz, Gumboldt universiteti talabasi Asliddin Bobocholov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?