Oʻzbekiston ilk bor Berlin xalqaro kinofestivalida oʻz milliy paviloni bilan qatnashadi

15:31 06 Fevral 2019 Madaniyat
182 0

Dilshod KARIMOV / Xalq soʻzi. Oʻzbekiston delegatsiyasi 7-15 fevral kunlari boʻlib oʻtadigan butunjahon kinosanoati vakillari uchun eng yirik tadbirlardan biri boʻlgan Yevropa kinobozorida birinchi marta oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etadi.

Mazkur yirik kinematografiya biznesi maydonchasi “Berlinale”, yaʼni Berlin xalqaro kinofestivali doirasida tashkil etilmoqda.

Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi hamda Yevropa kinobozori oʻrtasida erishilgan kelishuvga koʻra bu yil kinomarketning yuzlab stendlari orasida Oʻzbekiston milliy paviloni ham boʻladi. Unda mamlakatimizning tajribali va yosh kinomutaxassislaridan iborat delegatsiya qatnashib, xorijiy kinokompaniyalar vakillari bilan muzokaralar oʻtkazishadi.

Delegatlar jahon kinosanoati vakillari bilan Oʻzbekiston ishtirokida qoʻshma kinoloyihalar qilish (koprodakshn) hamda chet el kinokompaniyalarini yurtimizga filmlar suratga olish uchun taklif etish yuzasidan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishni maqsad qilishgan.

Mutaxassislar kinoturizm yoʻnalishini rivojlantirish mamlakatga sayyohlar oqimini koʻpayishga yordam berishiga ishonmoqda.

Ushbu pavilonni tashkil etishda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi yaqindan koʻmaklashdi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi 2018 yilda Oʻzbekiston Prezidentining milliy kinoindustriyani rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq tashkil etilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?