Oʻzbekiston IIV: Buxoro shahridagi barcha mahallalarda jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilgan

15:57 30 Avgust 2018 Jamiyat
295 0

Mamlakatimizda ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish, ularning qoʻyi boʻgʻinlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, barcha darajadagi tuzilmalarning vazifalari va funksiyalarini aniq belgilash, zamonaviy xavf-xatarlarni hisobga olgan holda kuch va vositalarni oqilona taqsimlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan yangilanishlarda ham ana shu islohotlarning ijobiy natijasini yaqqol koʻrish mumkin. Taʼkidlash joizki, har bir ichki ishlar organi xodimining ustuvor vazifasi sifatida jinoyatlarning oqibati bilan kurashish emas, ularning sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik, barvaqt oldini olish etib belgilandi. Faoliyatning aynan shunday yondashuvda tizimli va aniq maqsad sari tashkil etilishi koʻzlangan natijani bermasdan qolmaydi.

Hududda jinoyatchilikning oldini olish, uning kelib chiqishi omillaridan boʻlgan mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish borasida koʻrilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida, joriy yilning yetti oyi yakuniga koʻra, umumiy jinoyatlar oʻtgan yilga nisbatan 983 taga yoki 38,4 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 608 taga yoki 37,9 foizga kamaygan.

Biroq bu natija koʻzlangan maqsadga erishilganini anglatuvchi koʻrsatkich emas. Shu yil 27 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev boshchiligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida qayd etilgan tizimdagi kamchiliklar buni yaqqol koʻrsatib berdi.

Ushbu kamchiliklarni kompleks oʻrganib chiqish va bartaraf etish choralarini koʻrish maqsadida, Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq respublika Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qoʻshma farmoyishi qabul qilinganligini oldinroq xabar qilgan edik. Shu asosda tashkil etilgan, Ichki ishlar vaziri general-mayor P. Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 24-26 avgust kunlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida oʻrganish ishlarini olib bordi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Ichki ishlar vaziri Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 3-sonli ichki ishlar boʻlimi binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, xizmat faoliyatida foydalanish uchun ajratilgan yangi xizmat avtomashinalari topshirildi. Shu bilan bir qatorda, 1- va 4-son ichki ishlar boʻlimlarida ham xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga qarashli Buxoro Akademik litseyi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Litseyda taʼlim olish jarayonlari uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida, litsey kutubxonasini badiiy adabiyotlar hamda moddiy-texnik bazasi bilan boyitish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Viloyat IIBga qarashli “Yulduzcha” maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyati, bu yerda bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ishchi guruh aʼzolarida iliq taassurot qoldirdi, deyish mumkin. Bogʻcha tarbiyalanuvchilari tomonidan ijro etilgan turli sahna koʻrinishlari, Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar barchaga manzur boʻldi.

Oʻrganishlar davomida, Ichki ishlar vaziri Kogon, Vobkent, Gʻijduvon, Shofirkon tumanlari hamda Buxoro va Kogon shahar ichki ishlar boʻlimlarida boʻlib, ularda mavjud sharoitlar, shaxsiy tarkibning maʼnaviy yetukligi hamda huquqiy savodxonligi, rahbar va xodimlarning xizmat vazifalari ijrosini tashkil etishning samaradorligi, tartib-intizomga rioya etish, aholidan kelib tushgan murojaatlarni oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish ahvolini shaxsan oʻrgandi.

Ushbu hududlarning har birida Vazir tomonidan rahbarlar va barcha xodimlar ishtirokida tanqidiy ruhda tezkor yigʻilishlar oʻtkazilib, ishni tashkil etish ahvoliga baho berildi, faoliyatda yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, ayniqsa jinoyat va huquqbuzarliklar hamda fuqarolarning noroziligini keltirib chiqaruvchi har qanday holatlarga yoʻl qoʻymaslik va aholiga xizmat koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash boʻyicha shaxsiy tarkibga aniq vazifalar yuklandi. Oʻz xizmat burchiga loqaydlik bilan munosabatda boʻlayotgan, “xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyiliga rioya etmayotgan xodimlarga nisbatan keskin choralar koʻrildi.

Shofirkon tumani IIBga qarashli tumanlararo Qoʻriqlash boʻlimining qurib foydalanishga topshirilgan yangi binosi ochilish marosimi ham oʻtkazildi. Boʻlimda xodimlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan qoʻriqlash tizimi bilan yaqindan tanishildi.

Uch kun davom etgan sohaviy oʻrganishlarning yakuniy hisoboti sifatida 26 avgust kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri P. Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari masʼul xodimlari ishtirok etdilar.

Yigʻilishda ichki ishlar organlarining mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va jamoatchilik institutlari bilan hamkorligini samarali tashkil etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish chora-tadbirlari doirasida Buxoro viloyatida jami 560 ta “Jamoatchilik nazorati maskanlari” tashkil etilganligi, “tun” profilaktik tadbirlari oʻtkazib kelinayotganligi, aholi gavjum joylarda 2270 ta obyektlarga videokuzatuv moslamalari oʻrnatilganligi, natijada shaxsning hayoti va mulkiga qaratilgan jinoyatlar sezilarli darajada kamayishiga erishilganligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, faoliyatda yoʻl qoʻyilgan qator xato va kamchiliklar ham koʻrsatib oʻtildi. Xususan, ayrim ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolar bilan munosabatlarda nooʻrin xatti-harakatlari, rahbarlarning masʼuliyatsizligi va beparvoligi hamda qoʻl ostidagi xodimlari ustidan kunlik nazoratni lozim darajada olib bormayotganligi oqibatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotganligi qayd etildi.

Shu kabi kamchiliklar oqibatida viloyatdagi 540 ta mahallaning 365 tasida ayniqsa, Buxoro shahridagi barcha mahallalarda jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilganligi tanqid qilinib, shaharning eng ogʻir hisoblangan beshta, yaʼni Shayxon, Sadriddin Ayniy, Ibn Sino, Navroʻz va Ashrafiy mahallalarida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha alohida chora-tadbirlar belgilash boʻyicha viloyat IIB rahbariyatiga tegishli topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, viloyatda sodir etilgan jinoyatlar 100 ming kishiga nisbatan hisoblaganda 84,4 tani tashkil etgani, bu respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ham yuqoriligi, oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar sodir etilishining tub sabablari oʻrganilmaganligi, ularni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrilmaganligi natijasida, oila-turmush doirasida qotillik va badanga ogʻir shikast yetkazish turdagi jinoyatlar yuz berganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, qoʻriqlash tizimi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yoʻl harakati xavfsizligi hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash, ayollar va voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, profilaktik tadbirlarga sogʻliqni saqlash tizimlari hamda oʻquv yurtlarida faoliyat olib borayotgan psixologlarni jalb etish masalalarida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilish davomida egallab turgan lavozimiga noloyiq xatti-harakatlarni sodir etgan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini toʻlaqonli anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan eskicha ish uslubida xizmat qilayotgan Buxoro tumani IIB boshligʻining kadrlar boʻyicha oʻrinbosari Sh.Oʻrinov, Romitan tumani IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari J. Qurbonov, Vobkent tumani IIB boshligʻining xizmat boʻyicha oʻrinbosari A.Adizov, Olot tumani IIB boshligʻining xizmat boʻyicha oʻrinbosari D.Hasanov, Qorakoʻl tumani IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari N. Yuldashov egallab turgan lavozimidan ozod etildilar.

Shuningdek, xizmat vazifalarini bajarishga masʼuliyat bilan yondashmagan qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Yigʻilish soʻnggida viloyat ichki ishlar organlarida ish sifatini yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda boshqa dolzarb masalalar boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?