Oʻzbekiston hukumati suv omborlariga doir qaror qabul qilishi kutilmoqda

10:40 01 Iyun 2020 Hujjatlar
204 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha suv omborlari, yirik suv havzalari va gidroelektr stansiyalarda suv zaxiralarini ushlab turuvchi toʻgʻonlar va devorlarning eroziyasi natijasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni prognozlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi va Energetika vazirligi va Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda joriy yil 1-oktyabrga qadar geodezik oʻlchovlar, zamonaviy kosmik suratlar hamda ular yordamida tayyorlangan yerning raqamli balandlik maʼlumotlaridan foydalangan holda respublikadagi barcha suv omborlari, yirik suv havzalari, gidroelektr stansiyalarida va boshqa suv toshqini kelib chiqishi mumkin boʻlgan suv obyektlarining suv sigʻimidan kelib chiqqan holda olinadigan hisobiy radiusdagi relyefli xaritasini ishlab chiqadi va tegishli idoralarning hududiy boshqarmalariga taqdim etilishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya milliy markazi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 15-noyabrga qadar katta sigʻimli suv obyektlarida toʻgʻonlar va devorlarning eroziyasi natijasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar natijasida oʻpirib chiqadigan suv oqimining yoʻnalishi va shunga mos ravishda suv ostida qoladigan yer maydonlarining kompyuter modulini ishlab chiqadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ ikki oy muddatda suv omborlaridagi toʻgʻonlarni va yirik gidrotexnik inshootlarni mustahkamligi va turgʻunligi toʻgʻrisida prognozlarni ishlab chiqish va aniqlash uchun davriy ravishda yuqori aniqlikdagi geodezik va geologik kuzatishlar olib borish Rejasini ishlab chiqadi va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Qaror ijrosini taʼminlashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?