Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasi Afgʻonistonda Oʻzbek tili kunini nishonlashda ishtirok etdi

12:37 21 Oktyabr 2020 Jamiyat
281 0

Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligidagi Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi Afgʻoniston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida Kobul shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbek tili kunini nishonlash bayram tantanalarida ishtirok etdi. Afgʻoniston tomonidan tadbirda Prezident Ashraf Gʻani hamda mamlakatning oliy rahbariyati ishtirok etdi

Jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ikki mamlakat xalqlari umumiy ajdodlari madaniy merosini asrab-avaylashga katta eʼtibor qaratgani uchun Oʻzbekiston hukumati nomidan doʻst Afgʻoniston hukumati va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirildi, deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida.

Anjuman qatnashchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi oʻqib eshittirildi. Tabrikda oʻzbek va afgʻon xalqlari tarixiy taraqqiyoti yagona ilmiy va madaniy makonda, zamonda roʻy bergani madaniyat va anʼanalar yaqinligini saqlab qolish, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida mustahkam doʻstona munosabatlar shakllanishi uchun shart-sharoit vujudga kelishiga imkon bergani alohida taʼkidlandi. Oʻzbekiston-Afgʻoniston munosabatlari rivojida muhim qadam boʻlgan ushbu tadbir kelgusidagi madaniy, ilmiy va gumanitar hamkorlikni faollashtirish uchun kuchli ragʻbatlantiruvchi omil boʻlishiga qaratilgani qayd etildi. 

Tadbirda Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani va Afgʻoniston jamoatchiligi aʼzolari ham soʻzga chiqdilar.

Eʼtirof etish kerak, Afgʻonistonda 21-oktyabr – rasmiy jihatdan bayram kuni - Oʻzbek tili kuni deb eʼlon qilingan. Afgʻoniston Konstitutsiyasiga mamlakatning rasmiy tillaridan biri sifatida kiritilgan oʻzbek tili Afgʻonistonning 10 viloyatida keng tarqalgan va yildan-yilga ommalashib bormoqda. Afgʻonistonda oʻzbek tilida bir necha telekanallar, oʻnlab radiokanallar efirga uzatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?