Oʻzbekiston Hindistonga yalpiz va yana 28 xil qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport qiladi

01:08 13 Avgust 2019 Jamiyat
197 0

Illyustrativ foto

Yaqinda Hindiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi va fermerlar farovonligi vazirligida uchrashuv tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi boshligʻi I.Ergashev rahbarligidagi delegatsiya hamda Hindiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi davlat vaziri P.Rupala oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 30-sentyabr – 1-oktyabr kunlari Hindistonga boʻlib oʻtgan davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani eʼtirof etildi. Oʻz navbatida tashrif doirasida “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi hamda Hindiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi va fermerlar farovonligi vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi protokol imzolanishi oʻzaro manfaatli kelishuvlarga zamin yaratgani taʼkidlandi.

Muzokaralar natijasida Oʻzbekistondan Hindistonga 29 xil qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (qovun, limon, noʻxat, pista, anor urugʻlari, zanjabil, grek yongʻogʻi, yeryongʻoq, uzum, loviya, oʻrik, olxoʻri, qovun, olcha, gilos, olma, shaftoli, nok, achchiq qalampir, piyoz, sabzi, kartoshka, bulgʻor qalampiri, kovul, ukrop, rayhon, yalpiz, petrushka, selderey) eksport qilinishiga ruxsat olindi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan davrda Hindistonga mamlakatimizdan 7 xil qishloq xoʻjaligi mahsuloti –gilos, olcha, oʻrik, shaftoli, olxoʻri, mosh, mayiz eksport qilingan.

Demak, endilikda mamlakatimiz dehqon-fermerlari tomonidan yetishtirilgan yana bir nechta turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Hindistonga eksport qilish imkoniyati yuzaga keldi.

Muloqot davomida, shuningdek, tomonlar malaka oshirish va tajriba almashish masalasini muhokama qildilar. Xususan, Inspeksiya mutaxassislari 2019-2020-yillarda Hind diyorining ixtisoslashgan muassasalarida sohaga oid zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirishi boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi. Taʼkidlash joizki, oʻtgan yili ham 25 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis Hindiston karantin xizmati tomonidan tashkil etilgan oʻquv seminarida muvaffaqiyatli qatnashgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?