Hind matbuoti: “Oʻzbekiston Hindiston uchun Markaziy Osiyo darvozasi boʻlib xizmat qiladi”

03:32 26 Yanvar 2019 Jamiyat
429 0

Arxiv foto

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Joʻshqin Gujarat — 2019” xalqaro investitsiya sammitidagi ishtiroki Hindistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritildi.

Jumladan, “The Hindu” gazetasida Oʻzbekiston Prezidenti ushbu nufuzli tadbirning asosiy mehmoni sifatida qatnashganiga urgʻu berildi. Qayd etilishicha, sammitda Oʻzbekistondan eʼtiborli insonlardan iborat delegatsiyaning ishtiroki rasmiy Toshkentning rasmiy Nyu-Dehli uchun alohida ahamiyatga ega ekanligini namoyon qildi. Zero, Oʻzbekiston sammitda Markaziy Osiyodan sherik sifatida qatnashgan ilk davlatga aylandi. Forumga, shuningdek, Fransiya, Avstraliya, Daniya, Kanada, Yaponiya, Niderlandiya, Norvegiya va boshqa davlatlar vakillari ham tashrif buyurdi.

Hindistondagi eng yirik iqtisodiy gazeta — “The Economic Times”da yozilishicha, Oʻzbekiston Hindistonni nafaqat iqtisodiyotning u yetakchilik qilayotgan sektorlarida hamkorlikni rivojlantirish, balki xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlarda oʻzaro muloqotni mustahkamlash uchun muhim sherik sifatida koʻradi. “Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Hindiston uchun Markaziy Osiyo darvozasi boʻlib xizmat qiladi”, deya taʼkidlanadi nashrda.

“Times of India” va “Indian Express” kabi mashhur nashrlarda ham Oʻzbekistonning sammitdagi ishtirokiga bagʻishlangan maqolalar chop etildi. Ularda, xususan, Oʻzbekiston hamda Hindiston oʻrtasida uran yetkazib berish boʻyicha imzolangan bitim, Hindiston “Eksimbank”i tomonidan Oʻzbekistondagi ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun 200 million AQSH dollari miqdorida kredit ajratilgani haqida maʼlumot beriladi.

“United News of India” gazetasida “Oʻzbekiston Hindistondan investitsiya jalb etishga katta ahamiyat qaratmoqda” maqolasi eʼlon qilindi. Muallif Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlik mustahkamlanayotganiga eʼtibor qaratadi. Eʼtirof etilishicha, “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasiga investitsiya jalb qilish boʻyicha Gujarat shtati va Andijon viloyati oʻrtasida kelishuvga erishildi.

“Political Events” jurnalida ham “Oʻzbekiston Prezidenti “Joʻshqin Gujarat” investitsiya sammitida” nomli katta maqola berildi. Unda oʻzbek — hind munosabatlari umumiy manfaatlarga asoslangan holda konstruktiv rivojlanib borayotganiga toʻxtalib oʻtilgan. “Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga tashrifi shundan dalolat berib turibdi. Binobarin, bu rasmiy Toshkent va rasmiy Nyu-Dehli oʻrtasidagi hamkorlikning ijobiy shiddati koʻrsatkichiga aylandi”, deya taʼkidlanadi nashrda.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?