“Oʻzbekiston havo yoʻllari” beshinchi Boeing 787-8 Dreamliner samolyotini qabul qildi

18:02 03 Iyul 2019 Jamiyat
249 0

Kecha Oʻzbekiston Milliy aviakompaniyasining beshinchi yuqori texnologik Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti ishlab chiqaruvchi zavodidan Toshkentga keltirildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

U78705 registratsiya raqami berilgan ushbu yangi samolyot oldingi toʻrtta avialaynerlar kabi, MAK aviaparkini raqobatbardoshlik va xavfsizlikni taʼminlash uchun zamonaviy samolyotlar bilan jihozlash va kengaytirish investitsion loyihasi doirasida sotib olingan.

Beshinchi Boeing 787-8 Dreamlinerda ham yonilgʻi sarflash samaradorligini oshirish, ham shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga karbonat angidrid gazining ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B turboparrakli reaktiv dvigatellari oʻrnatilgan. Mazkur yangi layner parvoz paytida keng miqyosdagi internetga ulanish uchun sunʼiy yoʻldosh stansiyasiga ega boʻlgan aviakompaniyaning toʻrtinchi samolyotidir.

Avialayner 246 (biznes klassda – 24 va ekonom klassda – 222) nafar yoʻlovchini tashishga moʻljallangan. Unda yoʻlovchilar uchun maksimal qulayliklar yaratilgan.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Milliy aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda Boeing 787-8 Dreamliner avialayneriga birinchi boʻlib buyurtma bergan aviatashuvchidir. MAK “orzu layner”larining tijoriy ekspluatatsiyasini 2016-yil sentyabrda boshlagan. Bugungi kunda mazkur havo kemalarida Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga hamda Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha boʻlgan masofalarda parvozlar amalga oshirilmoqda.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning rivojlanish rejalariga muvofiq, milliy aviatashuvchi 2020-yilda oltita ushbu turdagi samolyotga ega boʻladi va MDH mamlakatlarida bunday samolyotlarning yetakchi foydalanuvchisiga aylanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?